Ayrim oilalarga gaz va “svet” to‘lovining bir qismi kompensatsiya qilinadi
Jamiyat
−
10 iyun 3610 3 daqiqa
Kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi hamda tabiiy gaz uchun kompensatsiya to‘lab beriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2025 yilning 1 yanvarida qabul qilingan “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024 yil 16 apreldagi 204-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarorida belgilangan.
Qarorga muvofiq, davlat tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazning belgilangan bazaviy me’yordan oshgan qismi uchun kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya ajratiladi.
Kompensatsiya “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarga, shuningdek, reyestrga kiritilmagan bo‘lsa-da, moddiy ahvoliga ko‘ra “davlat ta’minotidagi oila” yoki “kambag‘al oila” mezonlariga to‘g‘ri keladigan, oilada jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 baravaridan oshmaydigan xonadonlarga beriladi.
Davlat qancha miqdordagi ortiqcha iste’molni qoplaydi?
Kompensatsiya miqdori oilaning o‘tgan oydagi haqiqiy iste’molidan kelib chiqib, tizim tomonidan avtomatik hisoblanadi. Biroq unda quyidagi yuqori chegaralar (limitlar) mavjud:
- Tabiiy gaz uchun isitish mavsumida oylik bazaviy me’yordan tashqari yana 250 kub metrgacha, yilning boshqa davrlarida esa yana 150 kub metrgacha bo‘lgan ortiqcha iste’mol uchun;
- Elektr energiyasi uchun yil davomida har oy bazaviy me’yordan tashqari yana 150 kVt soatgacha bo‘lgan ortiqcha iste’mol uchun.
Arizani qanday va qachon topshirish kerak?
Fuqarolar kompensatsiya olish uchun har oyning 16-sanasiga qadar Davlat xizmatlari markaziga, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga, yoki hududga biriktirilgan ijtimoiy xodim yordamida borgan holda murojaat qilishlari mumkin.
Shu bilan birga, onlayn tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz yoki “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali mustaqil ravishda ariza topshirishlari mumkin.
Oyning 16-sanasidan keyin berilgan arizalar keyingi oyda ko‘rib chiqiladi. Xujjatga ko‘ra, ariza beruvchining shaxsi Face-ID, Mobile-ID yoki barmoq izi kabi zamonaviy texnologiyalar orqali tasdiqlanishi shart.
Qaysi holatlarda rad etilishi mumkin?
Agar oilada quyidagi omillardan loaqal bittasi mavjudligi aniqlansa, kompensatsiya tayinlash rad etiladi:
- oilaning jon boshiga daromadi belgilangan me’yordan yuqori bo‘lsa;
- mulkida yoki foydalanishida 1 tadan ortiq uy, yer uchastkasi yoki noturar joy binosi bo‘lsa;
- ishlab chiqarilgan muddati 12 yildan oshmagan soz yengil avtomobili bo‘lsa (agar oilada I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lsa – limit 7 yil);
- ishlab chiqarilganiga 15 yil to‘lmagan soz yuk mashinasi, avtobus yoki maxsus qurilish texnikasi (traktor, ekskavator) bo‘lsa;
- oilada jami 2 ta va undan ortiq har qanday turdagi soz transport vositasi mavjud bo‘lsa.
Pullar qachon va qayerga tushadi?
Ma’lumotlar avtomatik tekshirilgach, kompensatsiya oluvchilar ro‘yxati shakllantiriladi va har oyning 5-sanasiga qadar “Xalq banki”ga yuboriladi. Bank kompensatsiya mablag‘larini ariza berilgan oydan keyingi oyning 27-sanasiga qadar fuqaroning ijtimoiy kartasiga yoki bank kartasiga o‘tkazib beradi.
Qarorga muvofiq, agar oilaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli o‘zgarmasa, keyingi oylar uchun qayta ariza topshirish talab etilmaydi, to‘lovlar avtomatik tarzda davom ettiriladi. Ariza natijasi haqida fuqaroning telefoniga SMS-xabarnoma yuboriladi.
Kompensatsiya mablag‘lari har oyning 27-sanasiga qadar fuqarolarning ijtimoiy yoki bank kartalariga o‘tkazib beriladi. Bir marta tayinlangan kompensatsiya, agar oilaning sharoiti o‘zgarmasa, keyingi oylarda avtomatik tarzda to‘lab boriladi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur xizmat mutlaqo bepul bo‘lib, tizim 2027 yil 1 aprelga qadar amal qiladi.
Live
Barchasi