Prezidentning kuyovi tomonidan quriladigan sohil kurortiga qarshi namoyishlar avj oldi

Olam

image

Joriy yilning 4 iyun kuni Albaniya poytaxti Tirana shahri ko‘chalarida minglab odamlar Prezident Donald Trampning kuyovi bilan bog‘liq kompaniya tomonidan ekologik jihatdan muhafaza etilgan hududda elita kurort qurish rejasiga qarshi “Albaniya sotilmaydi” shiorlari ostida namoyishga chiqdi. Bu haqda “Reuters” axborot agentligi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Jared Kushnerning Affinity Partners investitsiya kompaniyasi 1,4 milliard yevrolik (1,6 milliard dollar) loyihada ishtirok etmoqda. Loyiha mamlakat janubidagi Vyosa-Narta muhofaza qilinadigan hududi yaqinida joylashgan, hali o‘zlashtirilmagan sohil bo‘yida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 
Qayd etilishicha, mazkur botqoqlik hududi flamingo qushlari, tyulenlar va dengiz toshbaqalarining in qurish joylariga ega muhim tabiiy makon hisoblanadi.

Ekologlar loyihaga qarshi chiqmoqda. Ularga ko‘ra, qurilish natijasida yuzlab gektar toza plyajlar va har yili yaqin atrofda in quradigan yoki migratsiya vaqtida to‘xtaydigan minglab flamingolarga zarar yetkazilishi mumkin. Ornitolog Ledi Selgjekayning aytishicha, dunyodagi barcha flamingolarning 1 foizdan ortig‘i Albaniyada yashaydi.

“Albatta, mamlakatga investitsiyalar kelishi juda muhim. Bu iqtisodiyot uchun ham muhim. Ammo qurilishni qayerda amalga oshirishni juda ehtiyotkorlik bilan tanlash kerak. Bu hududning muhofaza qilinadigan hudud deb atalishining sababi bor” degan u agentlikka bergan intervyusida.

Qurilish ishlariga tayyorgarlik ko‘rilishi va og‘ir texnikaning hududga kiritilishi o‘tgan hafta mahalliy aholi noroziligiga sabab bo‘lgan. Keyinchalik, bu norozilik Tirana shahridagi yirik ko‘cha namoyishlariga aylangan.

5 iyun kuni ayrim mahalliy aholi vaziyatni ko‘zdan kechirish uchun hududga borgan. Bu namoyishchilar Tiranada Bosh vazir Edi Rama idorasi oldida to‘planib, pushti rangli havo bilan to‘ldirilgan flamingo haykalchalarini ko‘tarib, “inqilob” va “loyihani to‘xtating” deb hayqirganidan bir necha soat o‘tgach sodir bo‘lgan. Namoyishchilar tomonidan “Edi Rama, iste’foga chiqing” deb yozilgan shiorlar ko‘tarib chiqilgan. 

“Albaniya sotilmaydi. Albaniya – Albaniya xalqiga tegishli va bu yerda nima qilishni biz hal qilamiz. Mamlakatni boshqarayotgan ayrim korrupsiyalashgan siyosatchilar mulkimiz, milliy merosimiz, tabiiy va madaniy boyliklarimiz bilan nima qilishni o‘zlari hal qila olmaydi”, degan namoyish ishtirokchisi, yozuvchi Lindita Komani.

Bosh vazir Edi Rama loyihani himoya qilib kelmoqda. Loyiha ishlab chiquvchilari o‘z faoliyatining asosiy maqsadi “mas’uliyatli boshqaruv va atrof-muhitni yaxshilash” ekanini ta’kidlagan. 

Albaniya Iqtisodiyot va innovatsiyalar vaziri Delina Ibrohimay 4 iyun kuni mazkur investitsiya loyihasi bo‘yicha atrof-muhitga ta’sirni baholash hujjatlari tayyorlanayotganini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, loyiha ekologik qonunchilik talablariga to‘liq rioya qilishi va mahalliy tabiiy muhitni muhofaza qilishi shart.

Albaniya davlat axborot agentligi ATA keltirgan so‘zlarga ko‘ra, vazir Yevropa ekologik direktivalari va Albaniya qonunchiligi bilan muhofaza qilinadigan laguna hamda uning atrofidagi tabiiy hududlarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan loyihalarga qarshi huquqiy kafolatlar berishini ta’kidlagan.

AQSH Prezidenti Donald Trampning sobiq maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner mazkur kurort qurish rejasini 2024 yilda e’lon qilgan edi. Bu kengroq investitsiya dasturining bir qismi bo‘lib, unga Serbiya poytaxti Belgraddagi sobiq harbiy shtab binosi ham kiritilgan. Biroq o‘tgan yili ko‘cha namoyishlari ortidan u Serbiyadagi ushbu loyihadan voz kechgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda shunga o‘xshash holat avvalroq tinch yo‘l bilan hal qilingan edi. Ya’ni, joriy yilning 23 yanvar kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hokimligi binosida boshqa bir Prezident – Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyevning sobiq kuyovi tomonidan O‘zbekistondagi Chorvoq suv ombori bo‘yida qurilishi rejalashtirilgan “Sea Breeze Uzbekistan” turistik majmuasi loyihasi bo‘yicha kelib chiqqan turli noroziliklar ortidan, loyihaning atrof-muhitga ta’sirini baholash yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Donal'd Tramp kurort Albaniya muhafaza etilgan hudud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing