AQSH va Ukraina urushni tugatish masalasini muhokama qildi
Olam
−
09 iyun 2805 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan “ijobiy” suhbat o‘tkazdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Uning aytishicha, tomonlar yaqin haftalarda diplomatik jarayonni faollashtirish va Rossiya–Ukraina urushini tugatish yo‘llarini muhokama qilgan.
Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan bayonotida AQSH vakillari hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanini ta’kidlagan va muzokaralarni “ijobiy” deb baholagan.
Ukraina Prezidenti, shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan ham telefon orqali gaplashganini bildirgan. Unda AQSH vakillari bilan bo‘lgan muzokaralar va kelgusidagi diplomatik harakatlar muhokama qilingan.
Zelenskiyga ko‘ra, muzokaralarda Londonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar ham tilga olingan. Unda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Germaniya kansleri Fridrix Mers ishtirok etgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir xalqaro e’tiborning katta qismi Eron bilan bog‘liq voqealarga qaratilgan bo‘lsa-da, Yevropada tinchlik masalasi kun tartibida qolmoqda.
Shuningdek, tomonlar AQSH vakillarining Kiyevga ehtimoliy tashrifi va kelajakdagi muzokaralar istiqbollari haqida ham gaplashgan. Agar tashrif amalga oshsa, bu ularning Ukrainaga ilk rasmiy safari bo‘ladi.
BMT Xavfsizlik Kengashida ham urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga chaqiriqlar yangragan. BMT vakillari so‘nggi kunlarda Ukrainada tinch aholiga zarar yetayotganini, hujumlar kuchayganini bildirgan.
Shu bilan birga, Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar ehtimoli hozircha rad etilgani va tomonlar pozitsiyasi keskinligicha qolayotgani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ochiq maktub yo‘llab, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar jarayonini boshlash va davlat rahbarlarining shaxsiy uchrashuvini o‘tkazishni taklif qilgan edi.
Shundan keyin Vladimir Putin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazish haqidagi taklifini rad etgan.
Live
Barchasi