AQSH sudi Trampning viza uchun 100 ming dollarlik to‘lovini noqonuniy deb topdi
Olam
−
09 iyun 1292 2 daqiqa
AQSHning Boston shahridagi federal sudya Donald Tramp tomonidan joriy etilgan yangi H-1B vizalari uchun 100 ming dollarlik to‘lovni bekor qildi. Bu haqda CBS News xabar berdi.
Sud qaroriga ko‘ra, bu to‘lov Kongress tomonidan tasdiqlanmagan noqonuniy soliq hisoblanadi.
Massachusets shtati Boston shahridagi federal okrug sudyasi Leo Sorokin ushbu qarorni 20 nafar demokrat shtat bosh prokurori tomonidan kiritilgan da’vo asosida chiqargan. Ular Trampning H-1B vizasini olish xarajatlarini keskin oshirib yuborganini ta’kidlagan. Mazkur viza dasturidan, ayniqsa, texnologiya kompaniyalari malakali xorijiy mutaxassislarni ishga jalb qilish uchun keng foydalanadi.
Tramp ma’muriyati bu to‘lovni qonuniy chora deb hisoblaydi. Ularning ta’kidlashicha, immigratsiya qonunlari prezidentga AQSH manfaatlariga zid deb topilgan ayrim xorijliklarning mamlakatga kirishini cheklash huquqini beradi. Shu sababli ma’muriyat ushbu to‘lovni joriy etish vakolati prezidentda bo‘lganini aytmoqda.
Biroq sudya Sorokin to‘lovning mohiyati jarima emas, balki soliq ekanini qayd etgan. Uning fikricha, Prezident Kongress ruxsatisiz bunday soliq joriy eta olmaydi va shu sababli AQSH Davlat departamenti hamda Fuqarolik va immigratsiya xizmatlari uni amalga oshirish huquqiga ega emas.
“100 ming dollarlik to‘lovning mazmuni va qo‘llanish tartibi uning qanday nomlanishidan qat’i nazar, soliq ekanini ko‘rsatadi”, deb yozdi sudya Sorokin.
Sorokinning fikricha, ushbu qarordagi mantiqqa ko‘ra, Tramp immigratsiya qonunchiligi asosida ham soliq joriy etish vakolatiga ega emas.
“Prezident Tramp Amerika manfaatlariga mos kelmaydi deb hisoblagan har qanday xorijiy fuqarolar toifasining kirishini cheklash bo‘yicha aniq qonuniy vakolatlarga ega va aynan shunday yo‘l tutgan”, dedi Oq uy vakili Teylor Rodjers.
Ma’lumot uchun, H-1B dasturi har yili 65 mingta vizani taqdim etadi. Bundan tashqari, magistr yoki undan yuqori darajaga ega mutaxassislar uchun yana 20 mingta qo‘shimcha viza ajratiladi. Vizalar odatda uch yildan olti yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi. Tramp qaroridan oldin ish beruvchilar xorijiy xodim uchun H-1B vizasini rasmiylashtirishda turli omillarga qarab taxminan 2 mingdan 5 ming dollargacha to‘lov amalga oshirardi.
Mazkur 100 ming dollarlik to‘lov AQSHda talabalik vizasi asosida bo‘lib turgan va keyinchalik H-1B vizasiga o‘tadigan xorijiylarga tatbiq etilmagan. Odatda yangi H-1B oluvchilarning katta qismi aynan shu toifaga kiradi.
Shuningdek, Tramp ma’muriyati H-1B vizasi talabgorlarini tekshirishni kuchaytirib, yuqori malakali va yuqori maosh oluvchi mutaxassislarga ustunlik beruvchi yangi tizimni taklif qilgan.
“100 ming dollarlik to‘lovning bekor qilinishini yuqori malakali mutaxassislarni AQSHga jalb qilish yo‘lidagi muhim g‘alaba”, dedi Kaliforniya bosh prokurori Rob Bonta.
Live
Barchasi