Bu yil bitiruvchilar bandligi uchun 500 mlrd so‘m ajratiladi
Jamiyat
−
08 iyun 2098 3 daqiqa
Joriy yilda 8 mingdan ziyod loyihani moliyalashtirish uchun 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish, 10 mingga yaqin yoshlarni band qilish rejalashtirilgan. Bu haqda bugun, 8 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan mamlakat oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, 2026 yilda respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirishi kutilmoqda.
Bitiruvchilarning tadbirkorlik loyihalarini imtiyozli shartlarda moliyalashtirish bo‘yicha “Kelajakka qadam” dasturi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uning doirasida 2025 yilda 6 mingdan ortiq loyihalar uchun 378 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Buning natijasida 8 ming nafarga yaqin bitiruvchilarning bandligi ta’minlandi.
Taqdimotda 2026 yilda 8 mingdan ziyod loyihalarni moliyalashtirish uchun 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish, 10 mingga yaqin yoshlarni band qilish rejalashtirilgani ma’lum qilingan.
Mazkur dasturni unda ishtirok etuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlar taqdim etish orqali yanada kengaytirish taklif etilgan.
Shuningdek, “TalabaExpo-2026” kasb ko‘rgazmalarini ish beruvchi tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlarini faol jalb etgan holda respublikaning boshqa hududlarida ham samarali tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Bitiruvchilar bandligini ta’minlashda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, yirik xo‘jalik birlashmalari mas’uliyatini oshirish muhimligi qayd etilgan.
Barcha jarayonlar bandlikka ko‘maklashuvchi “career.edu.uz” platformasi orqali monitoring qilinib, bandlikni ta’minlash masalasi mahalliy hokimliklar darajasigacha tushiriladi. Natijada bitiruvchilar bilan ishlashning vertikal tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, talabalarni ish bilan band qilishda oliygoh darajasida ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilingan.
Jumladan, barcha oliygohlarda karera markazlari faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilib, natijadorligiga qarab rag‘batlantirib boriladi. Markazlar faoliyati “Bitiruvchi sifati indeksi” orqali baholanib, eng yuqori natija ko‘rsatgan 20 ta oliygohning karera markazlariga 500 million so‘mdan ajratiladi.
Joriy yilda oliygoh miqyosida 360 ta, fakultetlar miqyosida 750 ta mehnat yarmarkalari hamda har bir yo‘nalish kesimida mingdan ortiq ish beruvchilar bilan uchrashuvlar (vorkshoplar) tashkil etiladi.
Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida barcha oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, oliygohlarda talabalarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tashkil etiladigan spin-off korxonalariga talabalarni jalb etish, kafedralarning tegishli tarmoq korxonalarida filiallarini ochish, bitiruv loyihalari himoyasini ish beruvchi korxonalarda o‘tkazishni kengaytirish chora-tadbirlari belgilangan.
Aniq buyurtma, moslashuvchan dasturlar asosida kadrlar tayyorlashga qaratilgan maqsadli dual ta’lim shaklini ham yo‘lga qo‘yish tashabbusi bildirilgan.
Bunda talabgorlarni dasturga qabul qilish, to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash ish beruvchi hamda oliygoh o‘rtasida o‘zaro kelishuvga ko‘ra amalga oshirilib, buyurtmachi talaba o‘qishni tamomlaganidan so‘ng uni ish bilan ta’minlashga kafolat beradi.
Taklif qilingan chora-tadbirlar ijrosini sifatli tashkil etishda oliygohlar rahbariyatining mas’uliyatini oshirish, ularning “KPI” ko‘rsatkichlarida bitiruvchi bandligining ta’minlanganini asosiy mezon sifatida belgilash zarurligi qayd etilgan.
Prezident mutasaddilarga bitiruvchilar bilan ishlashni samarali tashkil etish, bildirilgan tashabbuslarni puxta ishlab chiqish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishda barcha imkoniyatlarni safarbar etish yuzasidan topshiriqlar bergan.
Live
Barchasi