Yerda topilgan o‘zga sayyoraliklar haqidagi tafsilotlar ochiqlandi

Bu qiziq

image

AQSH noma’lum uchuvchi jismlar halokatga uchraganidan keyin o‘zga sayyoraliklarning to‘rtta turini topganini da’vo qilmoqda. Bu haqda “New York Post” gazetasi Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) tomonidan moliyalashtirilgan dasturlarning sobiq tadqiqotchisi, doktor Xel Putxoffga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu bayonot “The Diary of a CEO” podkastida yangragan. Unda Putxoff “Age of Disclosure” filmi rejissyori Den Farra bilan birga ishtirok etgan. 89 yoshli olimning so‘zlariga ko‘ra, halokatlardan keyin ob’ektlarni olib chiqish operatsiyalarida qatnashgan odamlar kamida to‘rtta alohida turdagi mavjudotlar haqida gapirib bergan. Shu bilan birga, u ushbu materiallardan shaxsan o‘zi to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanish imkoniga ega bo‘lmaganini, ammo o‘zi suhbatlashgan manbalarga ishonishini qayd etgan.

Putxoff AQSH hukumati aynan qaysi turdagi o‘zga sayyoraliklarni “topganiga” aniqlik kiritmagan. Biroq uning uzoq yillik hamkasbi va AAWSAP dasturining sobiq xodimi doktor Erika Devisning aytishicha, gap “kulranglar”, “nordiklar”, “hasharotsimonlar” va “reptiloidlar” haqida bormoqda.

Devisning so‘zlariga ko‘ra, bu mavjudotlarning barchasi gumanoid ko‘rinishga ega, ikkita qo‘li va ikkita oyog‘i bor. U bu borada razvedka ma’lumotlariga tayangan. Tadqiqotchi ayolning ta’kidlashicha, reptiloidlar va nordiklarning bo‘yi taxminan olti futga — qariyb 183 santimetrga yetadi. Bu haqda u 2025 yilda kongressmenlar Nensi Meys, Anna Paulina Luna va Erik Berlison ishtirok etgan “UAP Disclosure Fund” yig‘ilishida gapirib bergan.

Muayyan nazariyalar tarafdorlarining ta’riflashicha, nordiklar kelib chiqishi o‘zga sayyoralik bo‘lishiga qaramay, deyarli Shimoliy Yevropa aholisiga o‘xshab ketadi. Reptiloidlar esa tik yuradigan, odamnikidek qo‘l-oyoqlari va uzun dumi bor, tanasi tangachalar bilan qoplangan mavjudotlar sifatida tasvirlanadi. “Kulranglar” — o‘zga sayyoraliklar haqidagi ko‘plab filmlar, jumladan, “Uchinchi darajali yaqin uchrashuvlar” filmi orqali tanish bo‘lgan, katta ko‘zli, kichkina, sochsiz mavjudotlardir.

AQSH Harbiy-havo kuchlari razvedkasining sobiq xodimi va noma’lum anomal hodisalar bo‘yicha ishchi guruh a’zosi Devid Grash 2023 yilda Kongressda qasamyod ostida bayonot berib, AQSH ixtiyorida o‘nlab noma’lum uchar jismlar halokatlaridan keyin topilgan “insoniyatga tegishli bo‘lmagan biologik materiallar” mavjudligini aytgan. Qo‘shma Shtatlar noma’lum uchar jismlar halokatlaridan keyin o‘zga sayyoraliklar hayotining to‘rtta turli turini topganlikda gumon qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp va’da qilgan noma’lum uchar jismlar haqidagi fayllar nashr etish boshlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Er o'zga sayyoraliklar tafsilotlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing