Latviyada siyosiy inqiroz: Bosh vazir iste’foga chiqdi

Olam

image

Bugun, 14 may kuni Latviya Bosh vaziri Evika Silinya va uning ortidan butun hukumat iste’foga chiqdi. Bu haqda u brifing chog‘ida jurnalistlarga ma’lum qildi.

“Men iste’foga chiqyapman, lekin taslim bo‘layotganim yo‘q va ketmayapman. Men va “Yangi birlik” partiyasi Latviya xalqiga, biz bilan birga Yevropa qadriyatlarini himoya qilgan barchaga bergan va’dalarimizni bajarishda davom etamiz”, deydi u.

Silinya raqiblarini mas’uliyatdan ustun kelgan “siyosiy hasad va tor partiyaviy manfaatlar”da ayblagan. 

“Mudofaa vaziri lavozimiga kuchli nomzodni ko‘rgach, siyosatchilar inqirozni – hukumat inqirozini tanladilar”, deydi sobiq bosh vazir.

Bundan avval Silinya Ukraina dronlari bilan bog‘liq hodisalar tufayli iste’foga chiqqan Andris Spruds o‘rniga polkovnik Rayvis Melnisni Mudofaa vaziri etib tayinlashni taklif qilgan edi.

Silinyaning taklifidan so‘ng “Progressivlar” partiyasi hukumatni endi qo‘llab-quvvatlamasligini e’lon qildi. “Yashillar va dehqonlar ittifoqi” koalitsiyasi esa Silinya boshchiligidagi hukumat amalda qulaganini, texnik yoki ozchilik hukumatini tuzish imkoniyatlari tugaganini va yangi hukumatni shakllantirish bo‘yicha muzokaralarni boshlash zarurligini bildirdi.

“Mening maqsadim aniq edi: mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligi va xavfsizligi, toki bolalarimiz o‘z uylarini, o‘z mamlakatlari – Latviyani qadrlasinlar! Partiyalar va koalitsiyalar o‘zgaradi, lekin Latviya qoladi, odamlar shu yerda qoladi”, deydi u.

Spruds iste’foga chiqqanidan so‘ng, Silinya bu qaror nafaqat dronlar bilan bog‘liq so‘nggi hodisalarni, balki mudofaa sektoridagi kengroq vaziyatni hisobga olgan holda qabul qilinganini aytgan. U Latviya milliy mudofaasi va xavfsizligi uchun YAIMning 5 foizi ajratilganini va odamlar “natijalarni – xavfsizlikni, aniqlikni va davlat tezkor hamda professional harakat qila olishiga ishonchni talab qilishga haqli” ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, u Ukrainaning uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi kurashish tizimlarini ishlab chiqish borasidagi tajribasi yetarlicha tez tatbiq etilmaganini, vaholanki Kiyev o‘z bilimlari bilan bo‘lishishga tayyor bo‘lganini aytdi.

Evika Silinya siyosiy faoliyatini 2011 yilda Ichki ishlar vazirining yuridik maslahatchisi sifatida boshlagan. 2013–2019 yillarda IIV parlament kotibi, 2019 yildan esa Bosh vazir kotibi bo‘lib ishlagan. 2022 yil dekabrdan 2023 yil sentyabrgacha Farovonlik vaziri lavozimida bo‘lgan. 2023 yilda Latviya Bosh vaziri etib saylangan va ushbu lavozimni egallagan tarixdagi ikkinchi ayolga aylangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh vazir Latviya Evika Silinya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing