Yangi faktlar ochildi: Epshteynning o‘zbekistonlik qurboni bayonot berdi
3-sahifa
−
14 may 26223 3 daqiqa
Marhum moliyachi Jeffri Epshteynning jinoyatlaridan omon qolgan va Roza ismi ostida so‘zga chiqqan o‘zbekistonlik qurbon ilk bor AQSH Kongressidagi tinglovlarda moliyachi uy qamog‘i davrida sodir etgan zo‘rlashlar haqida ommaviy ravishda so‘zlab berdi. Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasidagi demokratlar ushbu tadbirni Florida shtatining Uest-Palm-Bich shahrida o‘tkazgan. Uning nutqi haqida Amerika OAVlari xabar berdi.
Rozaning aytishicha, u 2008 yilda 18 yoshida modellar bo‘yicha agent Jan-Lyuk Bryunel bilan tanishgan. Bryunel unga modellik karerasini va’da qilgan va keyinroq Epshteyn bilan tanishtirgan. Ayol 2009 yilda, AQSHda bo‘lib turgan vaqtida moliyachi uy qamog‘ini o‘tayotgan Uest-Palm-Bichdagi uyida u bilan uchrashgan.
Tinglovlarda Roza Epshteyn unga ish taklif qilganini, so‘ngra zo‘ravonlik qila boshlaganini aytgan. Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, bu holat uch yil davom etgan.
Avvalroq, Jeffri Epshteyndan jabr ko‘rgan 11 kishining manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Arik Fudali AQSH Adliya vazirligi Epshteyn tomonidan jinsiy ekspluatatsiya qilingan o‘zbekistonlik ayolning shaxsini ochiqlab qo‘yganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Epshteyn fayllari”da ayolning ismi 538 marta tilga olingan – “bu xatolarning haddan tashqari ko‘pligidan dalolat”. Fudali o‘z firmasi jabrlanuvchining ismini Adliya vazirligiga oldindan taqdim etganini ta’kidlamoqda.
Rozaning so‘zlariga ko‘ra, 2009 yil may oyiga kelib u Nyu-Yorkda viza bilan bo‘lgan, iyul oyida esa Epshteyn uy qamog‘ida bo‘lgan vaqtda uning Uest-Palm-Bichdagi uyida uchrashgan. Keyinchalik Epshteyn unga o‘zining Florida Science Foundation tashkilotida ish taklif qilgan. Bu tashkilot Epshteynga 2008 yildagi hukmdan so‘ng, dastlabki kelishuvga ko‘ra, haftasiga olti kun, kuniga 16 soatgacha hibsxonani tark etishga ruxsat berilgan doirada ishlashi uchun xizmat qilgan.
“Bir kuni uning massajchisi meni Epshteynning xonasiga chaqirdi va u yerda birinchi marta Jeffri tomonidan shilqimlikka duch keldim. Keyingi uch yil davomida men tizimli ravishda zo‘rlab kelindim”, deydi Roza tinglovda.
Shuningdek, u AQSH Adliya vazirligi (DOJ) tomonidan e’lon qilingan Epshteyn ishi bo‘yicha materiallarda uning ismi tasodifan ochiqlanganidan keyin takroriy ruhiy jarohatni boshdan kechirganini aytgan.
“Boy va qudratli shaxslar hujjatlarni tahrir qilish (yashirish) orqali himoyalangan bir paytda, mening ismim ochiq qoldi. Endi menga butun dunyodan jurnalistlar qo‘ng‘iroq qilishmoqda. Men doim ortimga xavotir bilan qarab yashashga majburman. Bu “xato” hayotim uchun qanday uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib kelishini faqat tasavvur qila olaman xolos”, deydi u.
Adliya vazirligi avvalroq “jabrlanuvchilarni himoya qilishga juda jiddiy yondashishini” va hujjatlar noto‘g‘ri tahrirlangani sababli shaxslari ochiqlangan jabrlanuvchilar xabar berganidan so‘ng, saytdan Epshteynga tegishli bir qator materiallarni olib tashlaganini bildirgan. Vazirlik xatolar “texnik yoki inson omili” sababli yuz berganini qayd etgan.
Kongressmen Robert Garsiya tinglovlar aynan Floridada – Epshteynning jinoyatlari “ilk bor ma’lum bo‘lgan joyda” o‘tkazilganini aytgan. Demokratlar Epshteynga yillar davomida javobgarlikdan qochish imkonini bergan Amerika adliya tizimiga nisbatan savollar hamon ochiq qolayotganini ta’kidlagan.
Tinglov davomida Epshteynning yana bir qurboni – Mariya Farmer ham so‘zga chiqqan. U ilk bor 1996 yilda jinoyatlar haqida xabar berganini, ammo o‘shanda huquq-tartibot idoralari hech qanday chora ko‘rmaganini aytgan.
Ma’lumot uchun, Jeffri Epshteyn 2019 yilda odam savdosi va ekspluatatsiya ayblovi bo‘yicha sudni kutayotgan vaqtida Nyu-York qamoqxonasida vafot etgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq pedofillikda ayblangan marhum moliyachi Jeffri Epshteyn o‘z orolidagi “masjid” uchun O‘zbekistondan koshin sotib olgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiBuxoroda yana zilzila bo‘ldi
21 may