Rossiyadagi mitinglarda qatnashgan migrantlar deportatsiya qilinishi mumkin
Olam
−
14 may 2082 2 daqiqa
Rossiya Davlat Dumasi ruxsatsiz mitinglarda ishtirok etgan va Rossiya armiyasini “obro‘sizlantirgan” xorijliklarni mamlakatdan chiqarib yuborishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kecha, 13 may kuni birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Hujjat Rossiya Ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksiga 58 ta yangi modda kiritishni nazarda tutadi. Ular asosida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar deportatsiya qilinishi mumkin.
Qonun loyihasida Rossiyaga qarshi sanksiyalar chaqirig‘i, hududiy yaxlitlikni buzishga undash, ruxsatsiz ommaviy tadbirlarda qatnashish, ekstremizmga oid chaqiriqlar hamda “noqonuniy va buzg‘unchi ma’lumotlar tarqatish” kabi holatlar ham javobgarlik asoslari sifatida ko‘rsatilgan.
Shuningdek, “ekstremistik va natsistik ramzlarni targ‘ib qilish”, nafrat va adovat qo‘zg‘atish hamda ommaviy axborot vositalari erkinligini “suiiste’mol qilish” ham deportatsiya sabablari qatoriga kiritilgan.
Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin bu choralarni “migratsiya sohasida tartibni tiklash”, deb izohlagan. Qonun loyihasi endi ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ko‘rib chiqiladi.
Rossiya so‘nggi yillarda migratsiya siyosatini sezilarli darajada kuchaytirmoqda. 2024 yilda “Crocus City Hall”dagi terrorchilik harakatidan so‘ng xavfsizlik choralari yanada qat’iylashgan edi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hujumda 150 kishi halok bo‘lgan, 600 dan ortiq odam jarohat olgan. Shundan keyin migratsiya qonunchiligi yanada kuchaytirilib, soxta nikohlar orqali yashash ruxsatini olishga qarshi choralar kuchaytirilgan. 2025 yildan boshlab esa ayrim deportatsiya qarorlari sudlar emas, balki ichki ishlar organlari tomonidan qabul qilinadigan tizim joriy etilgan.
Zarnigor Xudoyberdiyeva
Live
BarchasiBuxoroda yana zilzila bo‘ldi
21 may