Energetika vaziri energiyasini ariza yozishgamas, tizimni yaxshilashga sarflasin – Bakirov

Jamiyat

Gaz “zapravka”lardagi turnaqator navbatlar va elektr energiyasidagi ketma-ket uzilishlar haqida post yozgani uchun bloger Otabek Bakirov bugun, 1 may kuni sudlanishi mumkin edi. Biroq sud noma’lum muddatga qoldirildi. Unga qarshi shaxsan Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov shikoyat yozgan.

2024 yilning qishida O‘zbekistonda energetik vaziyat juda yaxshi emasligini aholi vakillari o‘z hayotida yaxshigina his qilgan edi. Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridagi kilometrlarga cho‘zilgan navbatlar, shamga bo‘lgan ehtiyojning oshib ketishi ko‘pchilikning yodidan chiqmagani aniq. Ayni shu davrda bloger Bakirov o‘zining Telegram-kanalida Energetika vazirligi tomonidan metan “zapravka”larda gaz bor-yo‘qligi va navbatlar haqida ma’lumot beradi, deya taqdim etilgan Avto24 ilovasi yaxshi ishlamasligi, unga milliardlab pul sarflangani haqida yozgan. Shuningdek, Toshkent tumanida “rejaga chiqish uchun” paydar-pay gaz-svet o‘chirilishlar ko‘payganini tanqid qilgan.

Mazkur holat bo‘yicha oradan qariyb 14 oy o‘tib, 2026 yil 23 yanvarda Toshkent shahar IIBB jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Ammo 2026 yil 25 mart kuni Toshkent shahar prokuraturasi jinoyat ishini rad etish haqidagi qarorni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Shunga ko‘ra, sud bugun, 1 may kuni 11:00 da Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida bo‘lib o‘tishi belgilangan edi. OAV vakillari, bloger hamda uning advokatlari aytilgan vaqtda, aytilgan joyga yig‘ildi. Biroq sud jarayoni yaqin hududdagi Yashnobod tumani 2 sonli IIB binosiga ko‘chirilgani ma’lum qilindi. Hamma aytilgan manzilga bordi. Oradan yarim soatdan ko‘proq vaqt o‘tgach esa yana ish sud binosida ko‘riladigan bo‘lgani ma’lum qilindi. Yig‘ilganlarning barchasi takroran sud binosiga qaytishga, 1 soatga yaqin vaqtini sarsonlikda o‘tkazishga majbur  bo‘ldi.

“Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ushbu sud jarayoni o‘tkazilishi yuridik jihatdan xato ekanini aytdi.

“Adolatli bo‘ladigan bo‘lsa, sud bu masalani ko‘rmasligi kerak. Chunki, 2024 yilda bo‘lgan holat birinchidan o‘tib ketdi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, ma’muriy qilmish ishi oqibati bir yil, ya’ni sud hozir ko‘rmasa, tugatishi kerak. Ikkinchidan, 2026 yil mart holatiga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilindi, ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Bunday holatlarda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasiga ko‘ra bir oy muddat ichida ish ko‘rilishi kerak. Bu muddat ham boy berildi. Agar bugun sud, masalan, Bakirovga nisbatan bironta bir holat ko‘rib, unga huquqiy baho berib, unga nisbatan jazo tayinlaydigan bo‘lsa, bu albatta, noxolis bo‘ladi”, deydi Tashanov.

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa vazir asosiy ishi qolib, e’tiborini tanqid qilganlarni “ovozini o‘chirish”ga qaratayotganini aytdi.

“Absurd narsa hammasi. Endi mana shu svet yo‘qligini yozgan ham energetika vazirini obro‘sizlantirgan bo‘ladimi bundan buyog‘iga? Misol uchun, har kuni svet yo‘q, albatta uch soat, to‘rt soat o‘chadi. Bugun ertalabdan ham svet yo‘q edi. Bu haqda yozsa, hurmatli Mirzamahmudovga qayoqqa qarayapsiz desa, Mirzamahmudovni obro‘sizlantirayotgan bo‘lyaptimi? Kun tartibiga chiqarilayotgan masala menga tushunarsiz. Umuman tushunarsiz. Energetika vazirini, shunday katta odamni qiladigan ishi yo‘qdek ketma-ket ariza berishi tushunarsiz men uchun. Agar shunaqa energiyasi bo‘lsa, shu energiyasini energetik barqarorlik uchun, tizimni rivojlantirish uchun, defitsitni bartaraf qilish uchun sarflasin-da”, dedi bloger!

OAV vakillari, bloger va uning advokatlari hamda Energetika vazirligi mas’ul vakili, umumiy hisobda 15 ga yaqin fuqarolar 4 soatdan ko‘proq kutganidan so‘ng sud noma’lum muddatga qoldirilgani ma’lum qilindi. Bakirovning advokatiga ko‘ra, sud jarayoni qoldirilishiga sabab sifatida ishni ko‘rib chiquvchi sudya sud hujjatlarini “ko‘rib chiqishi kerakligi” ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 29 aprel kuni Energetika vazirining Otabek Bakirov ustidan shikoyati qayta ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingandi


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing