“Sanjik” sudida yangi burilish: Uy egalariga qaytdi, narkotik “maxorka” bo‘lib chiqdi

Intervyu

“Real Sanjik” taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimov Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari ayblanmoqda. Karimovning xonadonidan topilgan narkotik moddalar unga nisbatan uyushtirilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda u bugun, 27 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida gapirdi.

Sud avvalida Karimovning uyidan topilgan narkotik moddalarning sof og‘irligini aniqlashtirish uchun Toshkent shahar IIBB ekspertiza xodimi guvoh sifatida chaqirildi. Mazkur jinoyat ishiga ko‘ra, tezkor tintuv jarayonida ashyoviy dalil sifatida topilgan, jami 3 dona umumiy og‘irligi 0,9 gramm bo‘lgan modda sof giyohvandlik moddasi emas balki sigaret maxorkasi bilan aralashgan aralashma nima uchun tergov ekspertizasi narkotik moddaning sof og‘irligiga aniqlik kiritmay, maxorka bilan birgalikda narkotik moddaning og‘irligi o‘lchanganligiga izoh so‘raldi.

Oliy sudi plenumining 1995 yil 27 oktyabrdagi “Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, giyohvandlik vositasi, psixotrop modda yoki ularning analoglari aralashma holida olingan bo‘lsa, javobgarlik masalasini hal etishda undagi sof giyohvandlik vositasi miqdoridan kelib chiqish lozimligi belgilab qo‘yilgan.

Guvohlik beruvchi bunga javoban Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida bunday moddalarni alohida ajratib beruvchi uskuna mavjud emasligini hamda bu moddalarni ajratish uchun o‘zining maxsus malakasi yetishmasligini aytib o‘tdi.

Guvohning qo‘shimcha qilishicha, ekspertiza jarayonlari Vazirlar Mahkamasi 878-qaroriga ko‘ra malakalangan. Karimovning himoyachilari Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori “marixuana” o‘simligiga tegishli emasligini aytib, bunday hollarda Oliy sud plenumining qarori asosida ish ko‘rish kerakligini bildirdi. Shuningdek, ular guvoh yolg‘on guvohlik berganini ham bildirdi. Advokatlarning so‘zlariga ko‘ra Toshkent shahar IIBB mazkur moddalarni ajratish va sof og‘irligini aniqlashga ixtisoslashgan barcha uskuna va qurilmasi bilan jihozlangan.

Shuningdek, guvohdan Karimovning uyida o‘tkazilgan tezkor tintuv jarayonida topilgan narkotik moddalar joyida maxsus tarozida tortilmasdan olingani haqida ham izoh so‘raldi. Guvohning so‘zlariga ko‘ra, ushbu moddalarning og‘irligiga faqatgina ekspertiza natijasida aniqlik kiritilgan.

Shundan so‘ng himoyalovchi tomoni tezkor tintuv normalariga ko‘ra, topilgan ashyoviy dalillar joyida maxsus sertifikatlangan tarozida xolislar ishtirokida tortilib, konvert ustiga grammi yozilishi kerakligi, aks holda unga qo‘shimcha moddalar kiritilish ehtimoli yuzaga kelishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, himoyachilar tomonidan tezkor tadbirda ism-familiyasi bayonnomada keltirilmagan bo‘lsa-da rahbariyatning og‘zaki topshirig‘i asosida Yusupov nomli xodim qatnashib, Karimovning uyidan unga tegishli bo‘lgan qimmatbaho buyumni olib, o‘zining shaxsiy avtomobiliga qo‘yib qo‘ygan. Karimov ushbu xodimning avtomobilida tibbiy ekspertizaga olib ketilgan. Shunda Sanjar Karimov o‘ziga tegishli bo‘lgan buyumni tanib qolib, buni qayerdan olganini so‘raganda, u mazkur buyumni tintuv jarayonida bilmasdan qo‘lida o‘ynab olib kelib qo‘yganini aytgan va Karimov unga “mayli sizda qolsin”, deb javob berganini keltirib o‘tdi. 

Ushbu xodim 24 aprel kungi sud majlisida hech qanday narkotik moddalarni topmagani haqida sudda guvohlik bergan bo‘lsa-da, hujjatda tadbirdagi aniqlangan barcha giyohvandlik moddalar Yusupov tomonidan topilgan, deb ish hujjatida keltirganini ham qo‘shimcha qilib, ushbu tezkor tadbirni o‘tkazgan tergov organ xodimlari va rahbariyatini ham sudda so‘roq qilinishi haqida iltimosnoma kiritdi. Raislik qiluvchi sudya Bahrom Berdiyev ushbu iltimosnomani rad etdi. Sababi, sud tergovi davomida tezkor xodimlar tomonidan ko‘rsatma berilgani, sudlanuvchi bilan ular muhokama qilingani va mazkur jinoyat ishi uchun yetarlicha ma’lumotlar bor, deb ajrimga sudya tomonidan izoh berildi.

“Men hammaga bir narsani aytaman. To‘g‘risi, mana Alloh guvoh, meni chiroyli “podstava” qilishdi. Afsus”, deydi Karimov.

Avvalgi sud jarayonida notarius xodimi chaqirilgan holda nizoli uy-joy sobiq egalariga 1 so‘m evaziga oldi-sotdi qilish muhokama qilingani haqida xabar berilgandi. Bu galgi sud majlisida ayblanuvchi Sanjar Karimovning himoyachilari tomonidan Alimbayevlarga xonadonini qaytarib berish uchun mazkur uyga qo‘yilgan taqiqni olib tashlash to‘g‘risida ajrim qilishni iltimos qilindi. 

Raislik qiluvchi sudya Bahrom Berdiyev tomonlarning fikrini eshitib, Karimovning advokatlari tomonidan kiritilgan iltimosnomani qisman qanoatlantirdi. Ajrimga ko‘ra, mazkur xonadonni faqatgina Alimbayevlarga sotish sharti bilan taqiq cheklangan tarzda bekor qilindi.

Shundan so‘ng har ikkala tomon vakillari va advokatlari bilan birgalikda ushbu turarjoyni rasmiylashtirish uchun notariusga yo‘l oldi. QALAMPIR.UZ muxbiri jabrlanuvchi Shahlo Alimbayevadan intervyu oldi.

“Hammasi yaxshilik qilishdan boshlandi. Barchaga katta rahmat. Bir yildan ortiq qiynaldik, lekin Allohga shukr, uyimizni qaytarib oldik”, dedi Alimbayeva.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Oliy sud Jinoyat kodeksi narkotik Ichki ishlar psixotrop moddalar Sanjar Karimov “Real Sanjik” "Sanjik" sudi "maxorka" Giyohvandlik vositalari

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing