Trampga suiqasd, Rossiyaning hujumi va qotil yoshlar - Weekend
Tahlil
−
26 aprel 7843 20 daqiqa
Bugun insoniyat ma’naviy va siyosiy tanazzulning eng xavfli nuqtasiga yetib keldi. Dunyo xaritasi “kuchlilar”ning o‘zaro nifoqlari, “qo‘rqit va boshqar” tamoyili asosidagi geosiyosiy o‘yinlar maydoniga aylangan. Xalqaro huquq, jazo muqarrarligi va inson qadri kabi tushunchalar shunchaki qog‘ozdagi bezakka aylanib qoldi. Kim nima desa desin. BMT ham avvalgi maqomida emas. Eng dahshatlisi shundaki, kattalar dunyosidagi ushbu tartibsizlik, shafqatsizlik va adolatsizlik o‘sib kelayotgan avlod ongiga juda oson va tabiiy ravishda singib boryapti.
Agar davlatlar darajasida quroli ko‘prog‘i kuchliroq ekani, xalqaro darajadagi huquqlarga tupurishi mumkinligini ko‘rsatsa, dunyoni boshqarayotgan tuzilmalar jinoyatni jazolash o‘rniga uni “manfaat” yuzasidan oqlasa yoki yechim sifatida baholasa, mana shu voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rayotgan o‘smirdan rahm-shafqat kutish – qanchalik mantiqiy? Bu hafta dunyoning turli nuqtalaridan kelgan xabarlar bitta haqiqatni tasdiqladi: yoshlar dunyosida vahshiylik oddiy holga aylanyapti.
Masalan, Ozarbayjonda 16 yoshli bola sinfdoshini tiriklayin yoqib yubordi. Holat Boku shahridagi 286-sonli o‘rta maktabda kuzatilgan. 9-sinf o‘quvchisi 20 aprel kuni aqlni shoshirib qo‘yadigan darajadagi ishni amalga oshirdi. U o‘z sinfdoshining ustiga avval spirt sepib, keyin yondirgich bilan o‘t qo‘ygan. Bu harakatidan so‘ng uni emotsiyada emas, aniq reja bilan ish tutganini taxmin qilishimiz mumkin.
Jabrlanuvchining boshi, yuzi, bo‘yni, ko‘krakning old va yon qismlari hamda qo‘llari II–III darajada kuygan. Hozirda bemor jonlantirish bo‘limida davolanmoqda va ahvoli og‘ir deb baholangan. Holat yuzasidan tergov olib borilmoqda. 16 yoshli o‘smirning ongida bunday sovuqqonlik qayerdan paydo bo‘ldi? Javobingiz allaqachon bo‘lsa kerak. Ha, bu o‘sha biz yashayotgan dunyoda taklif qilinayotgan “muammoni yechish” usulining – agressiya va jismoniy yo‘q qilishning kichraytirilgan modelidir.
Markaziy Osiyo hududi ham bunday vahshiylik to‘lqinidan chetda qolayotgani yo‘q. Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi Guldala qishlog‘ida 20 yoshli yigit 10 dan ortiq shaxs tomonidan qurshovga olingan va pichoqlab o‘ldirilgan. Dastlab restoranda yigitlar o‘rtasida janjal yuzaga kelgan. So‘ng, 10 nafardan ortiq erkaklar 20 yoshli yigitga pichoq bilan hujum qilgan.
“Unga 10 dan ortiq kishidan iborat guruh hujum qildi. Bu tasodifiy to‘qnashuv emas edi. Bu sovuqqonlik bilan qilingan guruh hujumi. U qurshab olingan va o‘zini himoya qilish imkoniyatidan mahrum qilingan. U pichoqdan olgan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etdi. Bizda nima bo‘lganini ko‘rsatuvchi videodalillar mavjud. 30 dan ortiq guvohlar ham bor. Ammo shunga qaramay, faqat bitta odam hibsda”, deydi marhumning oilasi.
Qayd etilishicha, Olmaota viloyati politsiya boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 20 yoshli gumondor hibsga olingan. Bundan tashqari, yana uchta gumonlanuvchi bezorilikda ayblangan. Ularga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ma’lum qilinishicha, sud ularning ikkitasini uy qamog‘iga olgan. Jinoyat ishi doirasida hodisaning barcha guvohlari aniqlangan va so‘roq qilingan. Hozirda hodisaning barcha holatlarini to‘liq, har tomonlama va xolis tekshirishni ta’minlash uchun barcha zarur tergov harakatlari olib borilmoqda. Marhumning yaqinlari 30 dan ortiq guvoh bo‘lishiga qaramay, boshida faqat bir kishi hibsga olinganiga nisbatan shubha bilan qaramoqda.
O‘lchovlar o‘zgardi. Faqat atrofimizdagi jamiyatda emas, umuman har yerda. Har holda “bir ming to‘qqiz yuz” deb boshlanadigan yillarda o‘n kishi bir yigitga qarshi chiqishini oqlab bo‘lmas, hazm qilinmas, yigitchilikka mos kelmas edi. Bundan tashqari pichoq, kasket va shunga o‘xshash sovuq qurollar haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Ammo bir haqiqat bor. Qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, zo‘ravonlikni hech qachon oqlab bo‘lmaydi.
19 aprel kuni AQSHning Ayova shtati markazidagi Ayova universiteti yaqinida ham otishma sodir bo‘ldi. Oqibatda besh kishi jarohat oldi. Ularning 3 nafari talaba bo‘lgan. Tergovchilar otishma bilan bog‘liq to‘rt kishining kuzatuv kamerasidagi fotosuratlarini e’lon qilgan va ularning shaxsini aniqlashda jamoatchilikdan yordam so‘ragan.
“Kevin va men bugun ertalab Ayova shtatidagi otishma jabrlanuvchilari va ularning oilalari bilan birga ibodat qilamiz. Bu bema’ni zo‘ravonlik harakati universitet jamoasini va shtatimizni vayron qildi. Men Ayova universiteti prezidenti Barbara Uilson va Rejents kengashi raisi Robert Kramer bilan gaplashdim va ularga shtatning barcha resurslari tergovga yordam berishini aytdim. Jamoat xavfsizligi departamenti o‘z yordamini taklif qilib, Ayova shahar politsiya departamenti bilan bog‘landi”, deb yozgan Ayova shtati gubernatori Kim Reynolds X tarmog‘ida.
Keyingi qonli xabar asosi va bolalarning qurbon bo‘lishi ham demokratiya “o‘chog‘i” hisoblangan Amerikada sodir bo‘lgan. AQSHning Luiziana shtatidagi Shrivport shahrida 19 aprel tongida sodir bo‘lgan ommaviy otishma oqibatida sakkiz nafar bola halok bo‘ldi.
Ammo bu vaziyat bo‘yicha dastlab politsiyaga xonadondagi kichik maishiy mojaro deya chaqiruv kelib tushgan. Xodimlar yetib borgach, aslida bu qurolli hujum ekani ma’lum bo‘lgan. Hodisa oqibatida jami 10 kishi jabrlangan, ulardan sakkiz nafari vafot etgan. Achinarlisi, jabrlanganlarning yoshi 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan. Yana ham dahshatlisi esa, ommaviy qirg‘in bo‘lgan uydagi bolalarning ayrimlari qotilning farzandlari bo‘lgan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, jinoyatchi voqea joyidan qochishga uringan. Quvib borish jarayonida huquq-tartibot xodimlari gumonlanuvchini otib o‘ldirgan. Biroq gumonlanuvchi haqida batafsil ma’lumot berilmagan. Otishma sabablari ham hozircha aniqlanmagan. Istalgan davrda prezidentlari dunyo yetakchisi ekanini isbotlashga urinaveradigan davlatda yoshlar o‘z kelajagini o‘qlar bilan chizmoqda. Bu jiddiy signal bo‘lishi kerak!
Agar yuqoridagi holatlar jamiyatning ichki chirishi bo‘lib ko‘rinsa, Turkiyadagi so‘nggi voqealar vahshiylikning yanada qo‘rqinchli — tizimli boshqariladigan qiyofasini ochib bergan edi. O‘tgan haftada turk yoshlarining vahshiyliklarini butun dunyo muhokama qildi. 14 aprel kuni Siverekdagi Kasb-hunar litseyida o‘smir o‘quvchi qurolli hujum uyushtirib, 16 kishini yaralab, so‘ng o‘zini ham otib tashlagan edi.
15 aprelda bo‘lsa, Izmirdagi Ege universitetida talabalarga katta pichoq bilan hujum qilindi. Natijada 2 kishi jarohatlandi. Xuddi shu kuni Qahramonmarashda 8-sinf o‘quvchisi yonida 5 ta to‘pponcha bilan maktabga kirib, 9 kishini o‘ldirdi va o‘z joniga qasd qildi. Qurbonlarning 8 nafari o‘quvchi, bittasi o‘qituvchi bo‘lgan.
Keyinchalik bu jinoyat shunchaki bolaning vahshiyligi emas, aksincha uning onasining e’tiborsizligi ekani ma’lum bo‘ldi. Qahramonmarash Bosh prokuraturasi bayonotida ona o‘g‘lini psixiatrik davolatish zarurligi haqidagi shifokorlar tavsiyalarini e’tiborsiz qoldirgani va bu holat fojiaga olib kelgani sabab hibsga olingani aytilgan. O‘qituvchi bo‘lib ishlagan Pinar Peyman Mersinli sud tomonidan “ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish” aybi bilan hibsga olinib, qamoqxonaga jo‘natilgan. Hodisa yuzasidan keng ko‘lamli tergov davom etayotgani xabar qilingan.
“Jinoyat sodir etgan Iso Aras Mersinlining sog‘lig‘idagi muammolarni aniqlashga qaratilgan va ish materiallariga qo‘shilgan barcha ma’lumot va hujjatlar tegishli tibbiyot muassasalaridan olindi. Ushbu hujjatlarni o‘rganish natijasida ma’lum bo‘ldiki, hodisa sanasidan avval ikki xil muassasadan – davlat va xususiy shifoxonadan ikki nafar psixolog tashxis qo‘yib, Iso Aras Mersinlining bolalar psixiatriya poliklinikasida davolanishga muhtojligini tavsiya qilganiga qaramay, onasi shifokorlar tavsiyalarini e’tiborga olmagan, tegishli tibbiy yordam olish uchun ko‘rsatilgan psixiatriya klinikalariga murojaat qilmagan va shu tariqa jinoyatchining o‘lim va jarohatlarga olib kelgan harakatlarni sodir etishiga sabab bo‘lgan deb taxmin qilinayotgan ruhiy kasalliklarini davolash vazifasiga beparvolik qilgan”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Turkiya huquq-tartibot idoralari o‘smirlarning ketma-ket jinoyati tasodif emasligini isbotlaganini avvalgi tahlilda aytib o‘tgan edik. Ma’lum bo‘lishicha, o‘spirinlarning ongiga tashqi kuchlar — xususan, Isroil bayrog‘i ostida faoliyat yurituvchi, 100 mingga yaqin a’zosi bor “S31K” nomli guruh ta’sir ko‘rsatgan. Ushbu guruh ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘smirlarni ommaviy otishmalarga yo‘naltirgan, hujum sanalari va manzillarini belgilab bergan. Bu shunchaki jinoyat emas, bu — yoshlar ongini qurolga aylantirish orqali davlat ichida tartibsizlik chiqarishga qaratilgan “gibrid urush”dir. Vaziyatning jiddiyligini anglagan Turkiya parlamenti 23 aprel kuni inqilobiy qonunni qabul qildi. Ular 15 yoshgacha bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi.
Qolaversa, ijtimoiy tarmoq provayderlariga foydalanuvchining yoshini aniqlash mexanizmini joriy etish majburiyati qo‘yildi. Bu orqali 15 yoshga to‘lmaganlarga xizmat qilinmasligi ta’minlanadi. Ota-ona nazoratiga ham alohida e’tibor beriladi. 15 yoshdan oshmaganlar uchun pullik xizmatlar va vaqtni cheklash faqat ota-ona tasdig‘i bilan amalga oshiriladi. Kuchaytirilgan jazolar ham bor albatta. Majburiyatni bajarmagan platformalarga 30 million liragacha jarima, reklama taqiqi va eng keskin chora — internet trafigini 90 foizgacha toraytirish, ya’ni platformani amalda ishdan chiqarish choralari ko‘riladi.
Turkiya bu borada yolg‘iz emas. 2025 yilda Avstraliya, 2026 yil boshida Malayziya va Fransiya ham voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklashga kirishdi. Daniya, Ispaniya, Norvegiya va Germaniya ham shu yo‘ldan ketmoqda. Xo‘sh, siz nima deb o‘ylaysiz? O‘zbekistonda ham bolalarga ijtimoiy tarmoqdan foydalanishni taqiqlash kerakmi? Agar ha bo‘lsa, nechchi yoshgacha? fikringizni yozib keting!
Xulosa shuki, Dunyo rahbarlari geosiyosiy o‘yinlar bilan band bo‘lgan bir paytda, raqamli dunyo nazoratsiz qolgan "vahshiy avlod"ni voyaga yetkazyapti. Turkiyaning bu qarori — yoshlar ongini tashqi provokatsiya va ma’naviy chirishdan himoya qilish yo‘lidagi so‘nggi chora, ehtimolki, yagona najot yo‘li sifatida ko‘rilayotgandir. Chunki vahshiylik chegarani buzib o‘tganda, erkinlikdan ko‘ra, xavfsizlik ustun turishi shart.
Bu 7 kunda ham dunyo xaritasi shunchaki “manfaatlar bozoriga” aylanganini ko‘rdik. Hormuz bo‘g‘ozida kemalar garovga olinayotgan, Livan osmonida raketalar uchayotgan bir paytda, “xalqaro huquq” tushunchasi shunchaki o‘lik matnga aylandi. Agar davlatlar bir-birining suverenitetini, chegarasini va inson hayotini poymol qilishni “milliy manfaat” deb atasa, o‘smir bola o‘z sinfdoshini yoqib yuborishini “shaxsiy manfaat” deb bilishi tabiiy emasmi? Ha, endi hamma mavzuning, har bir jinoyatning, istalgan tajovuzning o‘zagi, tomiri sifatida dunyodagi beqarorlikni ko‘rsataveramiz. Chunki, ko‘pchilikning onggiga bu jarayonlar, kuch bilan erishilayotgan boshqaruv va javobgarlikdan qutulishlar boshqacha ta’sir qilyapti.
Biz "post-adolat" davriga allaqachon kirdik. Balki, gapimga qo‘shilmassiz. Ammo “kuchli bo‘lsang — haqlisan” degan g‘oyani hamma zimdan tan olib bo‘ldi-ku. Isroilning G‘azodagi harakatlari yoki yirik davlatlarning o‘zaro nifoqlari sizga ham “jazo faqat kuchsizlar uchun” degan signalni bermayaptimi? Mana shu global adolatsizlik o‘spirinlar ongida “qonun yo‘q, faqat kuch bor” degan fikrni shakllantirdi. Bokudagi yondirgich ham, Aqshdagi miltiq ham aslida BMT minbaridan aytilgan, aytilayotgan rasmiy yolg‘onlarning aks-sadosidir.
Xo‘p, eng ko‘p yoritilayotgan AQSH—Eron, Isroil—Livan mavzulariga qisqa to‘xtalamiz. Bu haftda bu davlatlarga aloqador qanday voqealar bo‘ldi?
Kim ko‘proq zarar ko‘rmoqda?
Hafta davomida Yaqin Sharqdagi keskinlik yangi bosqichga ko‘tarildi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron iqtisodiyoti tanazzul yoqasida ekanini iddao qilayotgan bir paytda, dengizdagi real kuzatuvlar butunlay boshqacha manzarani ko‘rsatmoqda.
Prezident Donald Tramp shu yilning 21 aprelida o‘zining Truth Social sahifasida Eron iqtisodiy jihatdan ulkan yo‘qotishlarga uchrayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron har kuni taxminan 500 million dollarni "havoga sovurmoqda". Hormuz bo‘g‘ozidagi otishmalar va AQSH tomonidan o‘rnatilgan blokada faqat Tehronning o‘ziga zarar keltirmoqda. Tramp agar Eron "adolatli va oqilona" kelishuvga rozi bo‘lmasa, mamlakatning elektr stansiyalari va ko‘priklari nishonga olinishi mumkinligidan ogohlantirdi.
AQSH rahbari bu vaziyatni Vashington uchun "mutlaq g‘alaba" va "ulkan muvaffaqiyat" deb atadi. Biroq, rasmiy Oq uyning bu manipulyatsiyasi va qat’iy ohangdagi bayonotlari ortida Eronning iqtisodiy cheklovlarni chetlab o‘tish bo‘yicha muvaffaqiyatli yurishlari yashiringani ma’lum bo‘ldi.
AQSHning "suv o‘tkazmas" blokada haqidagi da’volariga qaramay, Eron neft eksportini davom ettirish yo‘lini topgan. "Financial Times" nashrining xabar berishicha, Eron iqtisodiyoti Tramp aytganidek to‘xtab qolgani yo‘q.
Eronga aloqador kamida 34 ta kema AQSH harbiy kemalari yonidan suzib o‘tgan. Blokadani yorib o‘tgan tankerlar orasida qariyb 1 milliard dollarlik neft yuklangan kemalar bor. Markaziy qo‘mondonlik ma’lumotiga ko‘ra, blokada boshidan beri faqat 28 ta kema ortga qaytarilgan.
AQSHning iqtisodiy bosim va "ulkan muvaffaqiyat" haqidagi bayonotlariga javoban, Eron rasmiylari 21 aprel kuni Vashington bilan muloqot qilish niyatida emasliklarini keskin tarzda bildirishdi. “Tasnim” agentligi xabariga ko‘ra, Tehron AQSH Prezidentidan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirishni so‘ramagan va buni rejalashtirmayapti ham. Eron pozitsiyasining asosiy jihatlari shundaki, Tehron Tramp ma’muriyatini "urushda yutqazgan tomon" deb hisoblaydi. Eronlik rasmiylarning fikricha, Vashington harbiy yo‘l bilan natijaga erisha olmasligini anglab yetgan va mojarodan chiqish uchun bahona qidirmoqda.
21 aprel kuni Eron AQSH bilan muzokaralarning yangi bosqichi uchun Pokistonga borishni rad etdi. Bunga sabab sifatida Vashingtonning sulh shartlarini buzgani va "haddan tashqari yuqori" talablar qo‘ygani ko‘rsatildi.
Eron parlamenti spikeri maslahatchisi Mahdiy Muhammad AQSHning dengiz blokadasini davom ettirishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bombardimon bilan tenglashtirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “yutqazgan tomon shart qo‘yishi mumkin emas” va blokadaga harbiy javob qaytarilishi kerak.
Vaziyatning qiziq tomoni shundaki, Eron muzokaralarni rad etgan bo‘lsa-da, Donald Tramp sulhni muddatsiz uzaytirganini e’lon qildi. Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, bu qaror Pokiston rasmiylarining iltimosiga ko‘ra qabul qilingan. Biroq Tehron buni shunchaki "vaqtni boy berish" va "terroristik hujumlar uchun tayyorgarlik" deb baholamoqda. Eron tomoni sulh uzaytirilgan taqdirda ham, AQSH va Isroil tomonidan ehtimoliy xavfi saqlanib qolayotganidan ogohlantirdi.
Shunday qilib, Hormuz bo‘g‘ozidagi blokada nafaqat iqtisodiy, balki yirik siyosiy qarama-qarshilikka aylandi. AQSH sulh va blokadani o‘z nazoratida ushlab turganini da’vo qilayotgan bo‘lsa, Eron bu "o‘yin"ni harbiy kuch bilan yakunlashga tayyorligini namoyish etmoqda.
Buning isboti 22 aprel kuni rasman e’lon qilindi. Vashington blokada orqali Eronni moliya manbalaridan uzib qo‘yishga urinayotgan bir paytda, Tehron Hormuz bo‘g‘ozini haqiqiy "daromad darvozasi"ga aylantirdi. Eron Markaziy banki strategik suv yo‘lidan o‘tish uchun joriy etilgan bojlardan ilk mablag‘larni qabul qilib olganini rasman tasdiqladi.
Eron parlamenti raisi o‘rinbosari Hoji Bobiyning ma’lum qilishicha, bo‘g‘ozdan o‘tayotgan kemalardan olingan dastlabki to‘lovlar allaqachon davlat hisob raqamlariga kelib tushgan. Shu yilning 22 martidan kuchga kirgan ushbu "yangi suveren rejim" doirasida Eron xalqaro suv yo‘li ustidan o‘z nazoratini moliyaviy jihatdan mustahkamladi.
Eron neft, gaz va neft-kimyo mahsulotlari eksportchilari ittifoqi vakili Hamid Husayniyning so‘zlariga ko‘ra, Tehron bo‘g‘ozdan o‘tayotgan har bir barrel neft uchun 1 dollardan haq undirmoqda. Bu dunyo bo‘ylab tashiladigan neft hajmini hisobga olganda, AQSH blokadasiga qaramay Eron g‘aznasiga milliardlab dollar oqib kelishini anglatadi.
"Financial Times" nashrining yozishicha, Tehron tranzaksiyalarni AQSH nazoratidan yashirish uchun zamonaviy usullardan foydalanmoqda. Kema qatnovi kompaniyalaridan to‘lovlarni bitkoin (kriptovalyuta) ko‘rinishida amalga oshirishni talab qilmoqda, bu esa, Vashingtonning dollar tizimi orqali o‘rnatgan cheklovlarini samaradorlikdan mahrum etadi.
Eron rasmiylari, xususan, parlament a’zosi Alouddin Borujerdiyning ta’kidlashicha, ushbu chora-tadbirlar AQSHning iqtisodiy bosimiga berilgan munosib javobdir. Shunday qilib, Tramp ma’muriyati "Eron kuniga 500 million dollar yo‘qotmoqda" deb hisoblayotgan bir paytda, Tehron dunyoning eng muhim neft arteriyasidan foydalangan holda o‘z byudjetini to‘ldirishning yangi va sanksiyalardan xoli mexanizmini muvaffaqiyatli ishga tushirgan deb aytish mumkin.
Iqtisodiy va diplomatik qarama-qarshiliklar fonida Vashington mintaqadagi harbiy ishtirokini rekord darajaga yetkazmoqda. AQSH harbiy idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Nimits” turidagi Jorj Bush aviatashuvchisi Hind okeaniga yetib keldi.
Minglab harbiy xizmatchilar va o‘nlab zamonaviy qiruvchi samolyotlarni tashiydigan ushbu kema Donald Tramp ixtiyoridagi harbiy imkoniyatlarni Eron sohillari yaqinida sezilarli darajada oshiradi.
CNN manbalariga ko‘ra, Pentagonda Eron infratuzilmasiga zarba berishning yangi maxfiy rejalari ishlab chiqilmoqda. Agar sulh rasman buzilsa, ushbu zarba guruhlari darhol jangovar harakatlarni boshlashga shay holatga keltirilgan. Qiziqarli jihati shundaki, aviatashuvchi Arab dengiziga yetib kelish uchun Qizil dengiz va Bab al-Mandab bo‘g‘ozidan o‘tishdan bosh tortgan. Yaman husiylarining raketa hujumlaridan xavotirlangan AQSH qo‘mondonligi kemani Afrikaning janubidan aylanib o‘tishga majbur qilgan. Hozirda Eron atrofida AQSHning ulkan dengiz floti to‘planmoqda. Eron iqtisodiy sanksiyalarni kriptovalyuta va bojlar orqali chetlab o‘tayotgan bo‘lsa, AQSH bunga javoban mintaqani harbiy texnika bilan to‘ldirib, "psixologik va harbiy qamal"ni kuchaytirmoqda. Xullas, vaziyat istalgan daqiqada diplomatik tildan qurol tiliga o‘tib ketish arafasida turibdi.
Biroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp kutilmagan, ammo qat’iy bayonot bilan chiqdi. 24 aprel kuni Oq uyda jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda u Eronga qarshi yadro qurolidan foydalanish ehtimolini mutlaqo rad etdi.
Tramp yadro qurolini qo‘llash haqidagi savolni "ahmoqona" deb atadi. Uning fikricha, AQSH oddiy harbiy vositalar va iqtisodiy bosim orqali ham o‘z maqsadiga erishib bo‘lgan.
"Nima uchun men yadro qurolidan foydalanishim kerak? Biz usiz ham oddiy vositalar bilan ularni butunlay tor-mor etdik. Yadro qurolini qo‘llash mumkin emas deb hisoblayman va hech kimga bunday qurolni ishlatishga ruxsat berilmaslik kerak” dedi Tramp.
Isroil va Livan: 3 haftalik sulh va og‘ir talofatlar
Mintaqadagi keskinlikning yana bir o‘chog‘i — Isroil-Livan yo‘nalishida ham kutilmagan diplomatik o‘zgarishlar yuz berdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida Isroil va Livan o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi yana uch haftaga uzaytirilishini e’lon qildi.
Oq uyda o‘tgan "juda samarali" deya tariflangan uchrashuvda Jey Di Vens, Marko Rubio hamda Isroil va Livan elchilari ishtirok etdi. Tramp yaqin orada Bosh vazir Netanyaxu va Livan Prezidenti Jozef Aunni qabul qilishni intiqlik bilan kutayotganini bildirdi.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Isroil va Livanni "bir xil terror tashkiloti" qurbonlari deb atadi, Hizbullohga ishora qilgan holda. AQSH elchisi Xakkabi esa, guruhning harakatlarini keskin qoraladi.
Tramp "Hizbulloh" hujumlarni davom ettirishi mumkinligidan ogohlantirdi va bunday holatda Isroil o‘zini himoya qilishga majbur bo‘lishini ta’kidladi.
Sulh uzaytirilganiga qaramay, so‘nggi ikki oy ichida yuz bergan to‘qnashuvlarning insoniy talofatlari dahshatli raqamlarda aks etmoqda. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2 martdan 24 aprelgacha bo‘lgan davrda Isroil hujumlari oqibatida 2 491 kishi halok bo‘ldi, 7 719 kishi turli darajadagi jarohatlar oldi.
Ushbu qonli statistika fonida e’lon qilingan uch haftalik sulh mintaqaga vaqtinchalik bo‘lsa-da tinchlik berishi umid qilinmoqda. Biroq, Eron bilan davom etayotgan dengiz blokadasi va Livan chegarasidagi raketa hujumlari Yaqin Sharqdagi vaziyat hamon "poroxli bochka" ustida turganidan dalolat beradi.
Shimolda — Ukraina frontida ham vaziyat nihoyatda og‘ir. Shu yili 23 aprelga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Dnepr shahriga keng ko‘lamli dron hujumini uyushtirdi.
Dnepr viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Ganjaning ma’lum qilishicha, dronlardan biri 13 qavatli turarjoy binosiga kelib urilgan. Oqibatda bir nechta xonadon butunlay yonib ketgan. Shuningdek, do‘konlar, ma’muriy binolar va fuqarolarning shaxsiy avtomobillari jiddiy zarar ko‘rgan.
Bir kechaning o‘zida mintaqa osmonida jami 40 ta dron yo‘q qilingan bo‘lsa-da, ular shaharlardagi ob’ektlarga zarar yetkazishga ulgurgan. Bir kun oldin Zaporoje viloyatidagi temir yo‘lga berilgan zarba oqibatida poyezd mashinisti halok bo‘lgan. Odessadagi strategik port infratuzilmasi ham navbatdagi hujumlar nishoniga aylandi. 21 aprel kuni esa, Sumi shahridagi ko‘p qavatli binolar va tibbiyot muassasasi zarbaga uchradi. Oqibatda 15 kishi, jumladan, uch nafar yosh bola jarohatlanib, shifoxonaga yotqizildi.
Dunyoning ikki nuqtasida — ham Hormuz bo‘g‘ozida, ham Ukraina shaharlarida vaziyat birdek tarangligicha qolmoqda. AQSH o‘z aviatashuvchilarini Eron sohillariga yo‘naltirayotgan bo‘lsa, Rossiya Ukraina shaharlariga dron hujumlarini kuchaytirmoqda. Bu esa xalqaro xavfsizlik tizimining bir vaqtning o‘zida bir nechta global inqirozlarga qarshi kurashishiga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatadi. Aniqroq aytganda ularni tiyib qo‘yadigan kuch yo‘qdek!
Putin va Japarov uchrashuvi
G‘arb bilan munosabatlar keskinlashgan paytda, Rossiya Markaziy Osiyodagi strategik ittifoqchilari bilan aloqalarni mustahkamlashda davom etmoqda. 23 aprel kuni Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Vladimir Putin ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlar to‘liq bajarilayotganini va bu Qirg‘izistonning iqtisodiy o‘sish sur’atlarida o‘z aksini topayotganini ta’kidladi. Rossiya yetakchisi jamoalarning "faol va jadal" ishlayotganini yuqori baholadi.
Japarov joriy yilning 31 avgust va 1 sentyabr kunlari Bishkekda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitida ishtirok etish uchun Putinni rasman taklif qildi.
Shunday qilib, global o‘yinchilar yangi alyanslar tuzish va o‘z ta’sir doiralarini himoya qilish orqali mavjud vaziyatga moslashmoqda. Diplomatiya va harbiy kuch o‘rtasidagi muvozanat hozircha o‘ta nozik bo‘lib qolmoqda.
Nega Putin va Japarov uchrashuvi dunyoda "geosiyosiy yorilish" cho‘qqisiga chiqqan paytda yuz bermoqda? Chunki, Rossiya Ukraina bilan band bo‘lgan bir paytda, uning doimiy ta’sir doirasida ushlab turishga intiladigan nuqtasi — Markaziy Osiyoda AQSH va Yevropaning diplomatik faolligi masalan, C5+1 formatlari keskin oshdi. Putin bu uchrashuv orqali mintaqa hali ham Rossiya nazoratida ekanini
G‘arbga ko‘rsatib qo‘ymoqchidek.
Qirg‘iziston va mintaqaning boshqa davlatlari Rossiya uchun "parallel import" va tashqi dunyoga chiqish darvozasi bo‘lib xizmat qiladi. Putin "iqtisodiy o‘sish sur’atlari" haqida gapirganda, aynan shu "yashirin savdo" va Rossiya investitsiyalari evaziga o‘sayotgan Qirg‘iziston iqtisodiyotiga shama qilgan.
Bu uchrashuv nima beradi? Rossiya uchun o‘zining yakkalanib qolmaganini isbotlash. Bishkekda o‘tadigan SHHT sammitiga taklifni qabul qilish orqali Putin xalqaro maydonga (ayniqsa, G‘arbga) "Mening hali ham kuchli ittifoqchilarim va bloklarim bor" degan signalni yo‘llaydi.
Qirg‘iziston uchun esa, Xavfsizlik va iqtisodiy kafolat. Japarov Rossiyadan energiya resurslari, migratsiya imtiyozlari va harbiy yordam (ayniqsa, fuqarolar beqarorlik sharoitida) ko‘mak olishda davom etishni ko‘zlagan. Chunki, mamlakat ichkarisida Tashiyev tarafdorlari va uni prezidentlikka munosib deguvchi fuqarolar ham hali to‘liq tinchlangani yo‘q.
Rossiya hozirda Markaziy Osiyoni "geosiyosiy qal’a"ga aylantirishga urinmoqda. Japarovning Putinni sammitga taklif qilishi — bu mintaqaning G‘arbga bergan rad javobi emas, balki "biz barcha tomonlar bilan savdolashamiz" degan pragmatik pozitsiyasidir.
O‘zbekiston uchun asosiy vazifa — Rossiya va Qirg‘izistonning bu qadar yaqinlashuvidan mintaqaviy loyihalar transport, suv-energetika uchun foydalanish, lekin shu bilan birga G‘arb sanksiyalari girdobiga tushib qolmaslik uchun masofani saqlashdir. Chunki Rossiya bilan "jadal va faol" ishlayotgan ittifoqchilar G‘arbning sanksiyalariga tushishi ehtimoli yuqori.
G‘arbning keskin reaksiyasi uzoq kuttirmadi. "The Guardian" nashrining xabar berishicha, Britaniyaning 20 dan ortiq deputat va lordlari Qirg‘izistonning uch nafar yuqori lavozimli amaldoriga qarshi shaxsiy sanksiyalar joriy etishni talab qilmoqda.
Nishondagi amaldorlar: Markaziy bank rahbari - Melis Turg‘unboyev, Bosh prokuror Maqsad Asanaliyev va Moliyaviy nazorat rahbari Marat Pirnazarov.
Britaniyalik deputatlarning da’vosiga ko‘ra, aynan shu amaldorlar Rossiyaga qo‘yilgan xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun ulkan tizim yaratgan. Ushbu tizimning markazida A7A5 deb nomlangan steyblkoin (qiymati rublga bog‘langan kriptovalyuta) turibdi. Hozirgacha ushbu kriptovalyuta orqali 100 milliard dollardan ortiq tranzaksiyalar amalga oshirilgan.
A7A5 sanksiya ostidagi Rossiyaning “Promsvyazbank” banki bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, asosan urush xarajatlarini yashirin moliyalashtirishga xizmat qilishi aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, AQSH va YeI sanksiyalariga qaramay, Qirg‘izistondagi “Grinex” va “Meer” kabi kriptobirjalar orqali ushbu valyutani naqd pulga aylantirish imkoniyati yaratilgan.
Ukraina uchun 90 milliard yevro va 20-sanksiyalar paketi
23 aprel kuni Yevropa Ittifoqi (YeI) Rossiyani zaiflashtirish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ikki tomonlama strategiyasining yangi bosqichini e’lon qildi. Yevropa Kengashi rahbari Antoniu Koshta bu qadamni "adolatli tinchlik sari olg‘a siljish" deb atadi.
Yevropa Komissiyasi Ukraina uchun 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan ulkan moliyaviy paketni blokdan chiqardi. Bu mablag‘lar mamlakatning eng dolzarb byudjet ehtiyojlarini qoplash va mudofaa-sanoat salohiyatini tiklashga yo‘naltiriladi. To‘lovlar 2026 yilning ikkinchi choragidan boshlanishi kutilmoqda.
Mazkur qaror YeIga a’zo barcha 24 ta davlat tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Bu Rossiya bilan ziddiyat kuchaygan sharoitda Yevropaning ichki birligi saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.
Yangi sanksiyalar nafaqat Rossiyaning ichki resurslarini, balki yuqorida ko‘rganimizdek, Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalardagi Rossiyaga ko‘maklashayotgan "vositachi" kompaniyalarni ham qat’iy jilovlashga qaratilgan.
Hafta voqealari shuni ko‘rsatadiki, dunyo geosiyosati "kim kuchliroq" degan savolga javob qidirmoqda: Aniqroq aytganda, global o‘yinchilar o‘rtasidagi "tiyib qo‘yadigan kuch yo‘qdek" ko‘rinayotgan bu kurashda Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston o‘zining iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash uchun har qachongidan ham ehtiyotkorroq va shaffofroq tashqi siyosatni yuritishga majbur.
Live
Barchasi