Tramp Mirziyoyevga kepka sovg‘a qildi
Jamiyat
−
27 Oktabr 7872 3 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau va boshqa rasmiy shaxslar ham ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarining joriy yil 23 sentyabr kuni Nyu-York shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
%20copy(20).jpg)
Uchrashuv avvalida Serjio Gor Prezident Mirziyoyevga AQSH Prezidenti Donald Trampning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
Jadal siyosiy muloqot, turli darajalardagi almashinuvlar va faol ishbilarmonlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
-Recovered-Recovered(4).jpg)
Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida sanoat, moliya, muhim minerallar, energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish dolzarbligi ta’kidlandi. Tomonlar xavfsizlik, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalarida sheriklikni mustahkamlash masalalarini ham muhokama qildi.
-Recovered(7).jpg)
Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan kelgusi hafta Vashington shahrida S5+1 formatidagi sammitni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv so‘nggida Gor O‘zbekiston yetakchisiga Tramp nomidan yuborilgan bir qator sovg‘alarni topshirdi.
O‘zbekistonga kelgach, Serjio Gor va Kristofer Landau 25 oktyabr kuni AQSH kompaniyalari bilan o‘zaro farovonlikni yuksaltirishning ko‘plab imkoniyatlari haqida suhbatlashdi. 6 oktyabr kuni esa ular O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan tanishgan. Elchixona e’lon qilgan rasmlardan AQSH rasmiylari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va “Chorsu” bozoriga borganini ko‘rish mumkin. Ularga O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik hamrohlik qilgan.
27 oktyabr kuni esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Gor bilan uchrashdi.
Ma’lumot uchun, Serjio Gor 1986 yil 30 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan va keyinchalik AQSHda ta’lim olgan. U siyosiy faoliyatini respublikachilar partiyasi doirasida olib borgan, Donald Tramp jamoasida turli lavozimlarda ishlagan va uning eng yaqin safdoshlaridan biri sifatida tanilgan. Gor Oq uyda Prezident Kadrlar boshqarmasi direktori sifatida faoliyat yuritgan, shuningdek, siyosiy kampaniyalarda ham faol qatnashgan. 2025 yil 22 avgust kuni Donald Tramp uni Hindistondagi elchi lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatgan. Hozirda u Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil sifatida ham faoliyat olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 22 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasi tadbirlari doirasida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qilgandi.
Live
Barchasi