Pezeshkiyon Eron poytaxtini ko‘chirishning jiddiy sabablarini aytdi

Olam

image

Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon poytaxtni Tehrondan ko‘chirishni taklif qildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

U tashabbusga sabab sifatida ekologik inqirozni ko‘rsatdi. Pezeshkiyon Xormozgan viloyatidagi chiqishi chog‘ida poytaxtni ko‘chirish rejasi haqida ma’lum qilgan. Eron Prezidentining tushuntirishicha, hozirgi poytaxtda suv tanqisligi juda kuchli, shahar haddan tashqari gavjum va tuproqning cho‘kish xavfi ortib bormoqda.

Uning ta’kidlashicha, Tehron, Karaj va Qazvin allaqachon jiddiy suv inqiroziga duch kelgan va uni oddiy choralar bilan hal qilib bo‘lmaydi. Avvalroq boshqa prezidentlar ham poytaxtni ko‘chirish masalasini ko‘targan edi, jumladan, Hasan Ruhoniy ham variantlar bilan reja tayyorlagandi. Ammo oliy rahbar tashabbusni qabul qilishdan bosh tortgandi.

Pezeshkiyonning eslatishicha, 2024 yilda yog‘ingarchilik normasi 260 mm ga nisbatan atigi 140 mm bo‘lgan, 2025 yilda esa bu ko‘rsatkichlar 100 mm dan pastga tushgan.

“Suvomborlaridagi suv sathining kamayishi, quduqlarning qurib ketishi va boshqa mintaqalardan suv tashish narxining yuqoriligi yondashuvni o‘zgartirish zarurligidan dalolat beradi. Tehronga suv yetkazib berish har bir kubometr uchun 4 yevrogacha bo‘lishi mumkin”, deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avvallari suvomborlari poytaxt ehtiyojlarining 70 foizini ta’minlagan, biroq yog‘ingarchilikning kamligi va bug‘lanishning ko‘pligi tufayli ularning ulushi kamayib, yerosti manbalariga bosim kuchayib bormoqda.

“Ba’zi hududlarda yer yiliga 30 sm gacha cho‘kmoqda. Bu falokatdan va yerosti suvlari tugab borayotganidan dalolat”, deya ogohlantirdi Prezident.

Bir yil avval u bu tashabbusni Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyga taqdim etgandi. O‘sha paytda bu taklif qattiq tanqid qilingan edi. Pezeshkiyonning da’vo qilishicha, muammolar shu qadar jiddiyki, mamlakatning boshqa chorasi yo‘q.

Poytaxt Fors ko‘rfazi sohilidagi Xormozgan viloyatiga ko‘chirilishi mumkin. Bu ochiq suvlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirishni ta’minlaydi va savdoni osonlashtiradi.

Tehronda 10 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Poytaxt har yili mamlakat suv resurslarining qariyb chorak qismini iste’mol qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning sentyabr oyida Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakat poytaxtini Tehrondan Fors ko‘rfazi sohillariga ko‘chirish zarurligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Fors ko'rfazi Tehron suv tanqisligi Eron Prezidenti Mas'ud Pezeshkiyon poytaxt masalasi Xormozgan viloyati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing