Shavkat Mirziyoyev Rahmonni tabrikladi
Jamiyat
−
05 Oktabr 5317 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 oktyabr kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda Mirziyoyev Rahmonni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, Tojikiston xalqiga farovonlik va bardavom ravnaq tiladi. Davlat rahbari Tojikiston Prezidentining mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, barqaror taraqqiyotini ta’minlash va xalqaro nufuzini oshirishdagi o‘rnini qayd etib, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida ta’kidladi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm, madaniy-gumanitar almashinuv kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan amaliy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki mamlakatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi va kun tartibi ham muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon 1952 yil 5 oktyabrda Tojikistonning Dang‘ara tumanida tug‘ilgan. 1982 yilda Tojikiston davlat universitetining iqtisodiyot fakultetini tamomlagan. 1994 yildan buyon Tojikiston Prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. 2020 yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan oxirgi saylovda Imomali Rahmon 90,92 foiz ovoz to‘plab, beshinchi bor prezidentlikka saylangan. Bugun Imomali Rahmon 73 yoshga to‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 sentyabr kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin telefon orqali suhbatlashgandi.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr