Tramp NATO davlatlarini Rossiya neftini xarid qilmaslikka chaqirdi
Olam
−
13 Sentabr 2025 3593 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp agar NATO davlatlari Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatsa,u Rossiyaga qarshi “jiddiy sanksiyalar” qo‘yishga tayyor. Bu haqda Oq uy rahbarining bugun, 13 sentyabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida chop etilgan maktubida so‘z borgan.
“Barcha NATO davlatlari rozi bo‘lib, xuddi shunday yo‘l tuta boshlagach hamda barcha NATO davlatlari Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatsa, men Rossiyaga qarshi jiddiy sanksiyalar qo‘yishga tayyorman”, deb yozgan Tramp.
Amerika Prezidenti Shimoliy Atlantika alyansi ayrim a’zolarining Rossiya neftini sotib olishini “hayratlanarli” deb atadi va bu NATOning muzokaralardagi pozitsiyasi va alyansning Moskvaga ta’sirini zaiflashtirishini qo‘shimcha qildi.
Maktubda Donald Tramp yana bir bor NATOga a’zo barcha davlatlar Xitoydan kelayotgan tovarlarga 50-100 foizlik bojxona to‘lovlarini joriy etishni taklif qilgan. Uning fikricha, bunday tariflar Pekinning Moskva ustidan “kuchli nazorati”ni buzishi mumkin. U avval ham xuddi shunday taklifni 10 sentyabr kuni bildirgan edi.
“Agar NATO mening aytganimni qilsa, urush tezda tugaydi. Agar yo‘q bo‘lsa, siz mening vaqtimni, Amerika Qo‘shma Shtatlarining vaqtini, kuchini va pulini behuda sarflayapsiz”, deya xulosa qilgan Oq uy rahbari.
Tramp o‘z maktubida Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealarni “Bayden va Zelenskiy urushi” deb atagan.
Bir kun avval “Politico” manbalariga tayanib, Yevropa yetakchilari Tramp bilan qizg‘in muzokaralardan so‘ng uni Rossiya Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatishdan manfaatdor emasligiga va uni muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qilish kerakligiga ishontira olgani haqida xabar berdi. Xususan, Yevropa Ittifoqining yuqori martabali amaldorlaridan iborat delegatsiya ehtimoliy yangi cheklovlar tafsilotlarini ishlab chiqish uchun Vashingtonga yuborilgan. Nashrning yozishicha, yevropaliklar va amerikaliklar hali ham Rossiyaga qarshi qanday choralar ko‘rish kerakligi borasida kelisha olmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The Times of India” Rossiya Hindistonga neft sotib olayotgani uchun 5 foizlik chegirma joriy qilishi haqida yozgandi.
Live
Barchasi