Namanganda IIB xodimlari fuqaroni o‘lasi qilib qiynagani aytilmoqda
3-sahifa
−
04 Sentabr 11647 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahrida profilaktika inspektori tomonidan fuqaro qiynoqqa solingani aks etgan surat va xabarlar tarqaldi. Ularda 3 nafar ichki ishlar xodimi fuqaroga dubinka va elektroshoker ishlatib, qiynagani aytiladi. Shuningdek, jabrlanuvchi qiynoqlardan so‘ng shifoxonaga yotqizilgani, qovurg‘alari singani va bitta qora talog‘i yaroqsiz bo‘lib qolgani uchun olib tashlangani qayd etilgan. Mazkur holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu xabar Namangan viloyati IIBning mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganilganda haqiqatdan ham joriy yilning 14 avgust kuni Namangan shahrida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro O‘.A. o‘zaro oilaviy nizo sababli ichki ishlar bo‘limiga olib borilgani aniqlangan.
U bilan profilaktik suhbat olib borilib, shu kuni uyiga ruxsat berilgan. Oradan ikki kun o‘tib, 16 avgust fuqaro O‘.A. sog‘ligi yomonlashgani sababli tibbiyot muassasasiga murojaat qilgani aniqlangan.
“Hozirda fuqaro O‘.A. ga nisbatan yetkazilgan tan jarohatlari bo‘yicha aybdorlarning harakatlariga qonuniy chora ko‘rish maqsadida Namangan shahar prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi munosabatda.
Mazkur xabarlar bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov ham munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, ushbu holat Ichki ishlar vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan bo‘lib, vaziyatni xolisona va to‘liq o‘rganish hamda xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida vazirlik rahbariyati boshchiligida tegishli mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, Namangan viloyatiga xizmat safariga yuborilgan.
“O‘rganish yakunlari yuzasidan aybdorlarning harakatlariga qat’iy chora ko‘rilishi ta’minlanadi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida Ahmad ismli IIB xodimi jurnalistga aybini tan olishini talab qilib, Samarqand tuman sudida kuch ishlatgan va uni haqorat qilgani haqida xabar berilgan edi. Voqea o‘tgan yili sodir bo‘lganiga qaramay, xodimga qonunda belgilangan tartibda jazo chorasi qo‘llanilmagan va u “hayfsan” intizomiy jazosi bilan qutulib qolgan.
Live
Barchasi