Putin Pashinyan bilan gaplashadigan gaplari yig‘ilib qolganini aytdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 31 avgust kuni Xitoyning Tyanszin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi. Bu haqda ikkala yetakchining matbuot xizmatlari habar berdi.

Putin Pashinyan bilan suhbatlashish imkoniga ega bo‘lganidan xursand ekanini, chunki ikki tomonlama va mintaqaviy muhokama uchun ko‘plab masalalar yig‘ilganini aytdi. Rossiya yetakchisi Pashinyan bilan SHHT sammiti doirasidagi suhbati foydali va mazmunli bo‘lishiga umid bildirdi.

“Sizni ko‘rib, bugungi va ertangi voqealar haqida suhbatlashish imkoniga ega bo‘lganimdan juda xursandman. Biz bir-birimizni anchadan beri ko‘rmagan edik, ikki tomonlama, mintaqaviy, xalqaro miqyosdagi ko‘plab masalalar yig‘ilib qoldi. Umid qilamanki, siz bilan bugungi uchrashuvimiz foydali va mazmunli bo‘ladi. Sizni ko‘rganimdan xursandman”, dedi Putin uchrashuv avvalida.

Shuningdek, u Rossiya va Armaniston hukumatlari a’zolari doimiy aloqada ekanligini ta’kidladi.

“Hamkasblarimiz doimiy aloqada. Hukumat a’zolari menga hisobot berishadi, ular Armanistonga tez-tez tashrif buyuradi. Hukumat a’zolaringiz Rossiyaga keladi. Endi hamma narsani gaplashamiz”, dedi Putin.

Pashinyan, o‘z navbatida, Rossiya va Armaniston o‘rtasidagi hamkorlik va muloqotdan mamnun ekanini aytib, mamlakatlar orasidagi aloqani qardoshlik deb atadi. Uchrashuv tete-a-tet formatida bo‘lib o‘tdi.

“Bizda har doim juda tig‘iz kun tartibi bor. Ishonchim komilki, bugungi kun ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Men oramizda shakllangan sheriklik va muloqotdan juda xursandman... Bizning shaxsiy muloqotimiz va albatta, qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi muloqot juda faol”, dedi Pashinyan.

Pashinyan bilan uchrashuv Rossiya Prezidenti va xorijiy davlat rahbarlarining Tyanszindagi ikki tomonlama muzokaralari seriyasining birinchisi bo‘ldi. U XXR raisi Si Szinpin tomonidan SHHT sammitiga tashrif buyurgan mehmonlar sharafiga tashkil etilgan qabuldan so‘ng darhol bo‘lib o‘tdi.

Kreml voizi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, Putin va Pashinyan uzoq va samarali suhbatlashgan.

Peskovning aytishicha, ushbu uchrashuvdan tashqari sammit ishtirokchilari sharafiga rasmiy kechki ovqat paytida Vladimir Putin Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan suhbatlashgan. Rossiya Prezidenti qozog‘istonlik mavqedoshi bilan yonma-yon o‘tirgan va bu norasmiy muloqot uchun imkoniyat yaratgan. Bundan tashqari, Putinning davlat rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlari, jumladan, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, SHHT sammiti 31 avgustdan 1 sentyabrgacha Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda 20 dan ortiq davlat rahbarlari va 10 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Sammit yakunida hamkorlik bo‘yicha 15 ta yangi hujjat imzolandi. SHHT 2001 yil 15 iyunda Shanxayda tashkil topgan. Dastlab u oltita davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekistonni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, 2017 yilda Hindiston va Pokiston, 2023 yilda Eron, 2024 yilda Belarus tashkilotga a’zo bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Xitoy ShHT Nikol Pashinyan Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing