“Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi
Jamiyat
−
20 avgust 2429 1 daqiqa
Bu yildan boshlab O‘zbekistonda “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi. Eng yaxshi 100 ta g‘oya tanlab olinib, har bir startap uchun 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi. Bu haqda bugun, 20 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bu loyihalarni brendga aylantirish uchun moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha ekspertlarning xarajatlari qoplab beriladi.
“G‘oliblarni 20 avgust – Tadbirkorlar kunida taqdirlasak, o‘ylaymanki, yosh tadbirkorlarga bu ham katta motivatsiya bo‘ladi”, dedi davlat rahbari.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 600 dan ziyod startaplar faoliyat yuritmoqda. Sakkiz yil ilgari ularning soni barmoq bilan sanarli bo‘lgan.
“E’tibor bering, yetti oyni o‘zida startaplarga rekord miqdorda – 264 million dollar xorijiy investitsiya keldi. Bu 2024 yil davomida kirgan sarmoyalardan 4 barobar ko‘p. Shu bois startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jonlantiramiz”, dedi Mirziyoyev.
Yoshlarning mingta startap g‘oyasi tijoratlashtiriladi va shundan 200 tasi xalqaro bozorga olib chiqiladi. Eng ilg‘or texnologiyalar olib kelinib, 100 ta mahalliy startap xalqaro miqyosda jozibador biznesga aylantiriladi. Bunga 100 million dollar beriladi.
Live
Barchasi