2 viloyatda Latviyaga ishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi
3-sahifa
−
20 avgust 4171 2 daqiqa
Xorazm viloyati Urganch shahri va Toshkent viloyati Angren shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Latviyaga ishga yuborishni va’da qilib, pul olayotgan shaxslar qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan shaxs xorijda ishlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga maslahat va viza olish bo‘yicha zarur hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashish bilan shug‘ullanuvchi MCHJ tashkil qilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirgan. Ulardan Latviya davlatiga ishlash uchun borishlarida kerak bo‘ladigan vizani olib berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilishgan. Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Urganch shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bunday qonunbuzilish holati Toshkent viloyatida ham qayd etilib, unda Angren shahrida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan shaxs Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi 1991 va 1992 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaroga elchixonada ishlovchi tanishlari orqali Latviya davlatiga borib ishlash imkonini beruvchi ishchi viza rasmiylashtirib berish evaziga 8 250 AQSH dollari talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Angren shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘idan 2 100 AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ushlangan.
Bildirilishicha, hozirda mazkur ikki qonunbuzarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 4 ta hududda – Toshkent va Farg‘ona shahri hamda Namangan va Andijon viloyatida AQSH, Yaponiya va Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga tushgandi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr