G‘azodagi vaziyat yaxshilanmasa, London Falastinni tan oladi (video)
Olam
−
30 iyul 2639 2 daqiqa
Buyuk Britaniya sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasi chog‘ida Isroil hukumati “G‘azodagi dahshatli vaziyatga barham berish uchun muhim qadamlar qo‘ymasa va uzoq muddatli barqaror tinchlikka erishish majburiyatini olmasa”, shu jumladan, mahalliy aholiga insonparvarlik yordamini yetkazib berishni qayta tiklasa, Falastin davlatini tan olish niyatida. Bundan tashqari, London Isroildan G‘arbiy Sohildagi hududlarni anneksiya qilish niyatida emasligini “aniq bayon etishini” talab qiladi. Bu haqda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer idorasining kecha, 29 iyul kuni chop etilgan bayonotida aytilgan.
O‘z navbatida, London G‘azo sektorini qo‘l ostida tutgan HAMAS harakatidan 2023 yil 7 oktyabrda asirga olgan isroilliklarni zudlik bilan ozod etishni, o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzolashni, “G‘azo boshqaruvida hech qanday rol o‘ynamasligini” tan olishni va qurolsizlanish majburiyatini olishni talab qildi.
Buyuk Britaniya parlamenti a’zolarining uchdan bir qismi ham Kir Starmerni Falastin davlatini tan olishga chaqirgan.
Britaniya Bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, Falastin davlatchiligi Falastin xalqining ajralmas huquqidir.
“U hech bir qo‘shniga tegishli emas, shuningdek, Isroilning uzoq muddatli xavfsizligi uchun zarurdir”, dedi u.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi oldidan Buyuk Britaniya Kir Starmerning bayonotidan kelib chiqqan holda, tomonlar unga taklif qilingan qadamlarni qay darajada amalga oshirganliklarini baholash niyatida.
Shunga qaramay, Starmerning idorasi ta’kidlaganidek, “Falastin davlatini tan olish o‘z-o‘zidan vaziyatni o‘zgartirmaydi”. Shu bois Buyuk Britaniya Iordaniya bilan birgalikda G‘azo sektoriga havo orqali insonparvarlik yuklarini yetkazib berish, shuningdek, yarador falastinlik bolalarni Britaniya shifoxonalariga yetkazib berish niyatida.
“Shuningdek, biz o‘t ochishni to‘xtatish G‘azoda boshqaruv va xavfsizlik bo‘yicha shoshilinch ishlarsiz, uzoq muddatli siyosiy yechim istiqbolisiz davom etmasligiga ishonamiz. Shu bois asosiy ittifoqchilarimiz bilan birgalikda uzoq muddatli siyosiy muzokaralar rejasini tayyorlamoqdamiz va shu orqali ikki davlat yechimi yo‘lga qo‘yiladi”, deya xulosa qilinadi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 2025 yil sentyabrida Falastin davlatligini tan olish niyatida ekanligini ma’lum qilgandi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakati bu qadamni keskin qoralashi va Falastin davlati tashkil etilishini o‘z xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘rishini aytdi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham Qo‘shma Shtatlar Fransiyaning Falastin davlatini tan olish niyatida qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi.AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Makronning Parijning Falastin davlatini tan olishga tayyorligi haqidagi so‘zlari hech qanday ahamiyatga ega emasligini aytdi
Live
Barchasi