Rossiyada o‘yinchoq to‘pponcha bilan raqsga tushgan o‘zbekistonlik 5 oyga qamaldi
Olam
−
03 iyul 6269 1 daqiqa
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘zbekistonlik migrant J.S. o‘yinchoq to‘pponcha bilan raqsga tushgani uchun besh oy ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Smolninskiy tuman sudi uning harakatlarini Jinoyat kodeksining 213-moddasi 1-qismi “a” bandi ya’ni bezorilik bo‘yicha malakalab, umumiy tartibdagi koloniyada 5 oy qamoq jazosini tayinlagan. Sud tergov davomida yigitning vaqtincha hibsda ushlanganini inobatga olib, bu muddatni jazo muddati sifatida hisobga olgan.
Yigit ushbu harakatlarni joriy yilning mart oyida amalga oshirgan. Rossiya Ichki ishlar vazirligining hududiy boshqarmasi Sankt-Peterburg markazida joylashgan “Galereya” savdo markazi yaqinida yoshlar guruhida raqsga tushgan va qo‘lida o‘yinchoq to‘pponcha ko‘rsatgan 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosini o‘sha paytda hibsga olgan edi.
Sud qarorida qayd etilishicha, fuqaro ataylab o‘yinchoq qurolni ko‘rsatib, atrofdagilarga ruhiy bosim o‘tkazgan va jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzgan. U o‘z aybini tan olib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Moskva shahrida 30 yoshli o‘zbekistonlik erkak Rossiyada taqiqlangan AUE yozuvi va sakkiz qirrali yulduz tasviri tushirilgan kepka bilan metroga tushgani uchun 14 kunga hibsga olingandi.
Live
Barchasi