Zelenskiy Ukraina pravoslav cherkovi rahbarini fuqarolikdan mahrum qildi
Olam
−
03 iyul 9830 1 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina pravoslav cherkovi rahbari Onufriy – asl ismi Orest Berezovskiyni Ukraina fuqaroligidan chiqarish to‘g‘risida qaror chiqardi. Bu haqda Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Berezovskiy 2002 yilda Rossiya fuqaroligini olgan, biroq bu haqida Ukraina hukumatiga xabar bermagan va fuqarolik huquqlaridan foydalanishda davom etgan.
UXX uni Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Moskva patriarxiyasi bilan aloqadorlikda, shuningdek, Ukraina cherkovining mustaqilligiga qarshi harakat qilishda ayblagan.
Ukrainadagi Moskva patriarxiyasiga qarashli Pravoslav cherkovi matbuot kotibi mitropolit Kliment bergan izohda Onufriyning faqat Ukraina pasportiga ega ekani aytilgan va u boshqa mamlakatlardan fuqarolik olgani inkor qilingan. Unga ko‘ra, Onufriy o‘zini Ukraina fuqarosi sifatida himoya qiladi.
Qayd etish joiz, Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan so‘ng, Ukraina pravoslav cherkovi Moskva patriarxiyasidan to‘liq mustaqilligini e’lon qilgan, biroq ular o‘rtasidagi munosabatlar hali to‘liq uzilmagan.
Ma’lumot uchun, Ukraina qonunchiligiga binoan, quyidagi holatlar fuqarolikdan mahrum qilishga asos bo‘ladi:
- boshqa davlatning fuqaroligini ixtiyoriy olish;
- Ukraina fuqaroligini olishda yolg‘on ma’lumotlar taqdim etish yoki soxta hujjatlardan foydalanish.