Mirziyoyev Ummon vaziri bilan uchrashdi
Jamiyat
−
11 iyun 2361 1 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Ummonning Savdo, sanoat va investitsiyalarga ko‘maklashish vaziri Qays bin Muhammad al-Yusufni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida Qays bin Muhammad al-Yusuf davlat rahbariga Ummon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidning samimiy salomini yetkazdi. Amaliy hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, turli darajalardagi faol muloqotlar mamnuniyat bilan qayd etildi. Forum doirasida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va ishbilarmon doiralarning uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
Energetika, geologiya, oziq-ovqat, to‘qimachilik, kimyo sanoati, transport va logistika, turizm, moliya sohalarida qo‘shma loyihalarni, shu jumladan O‘zbekiston-Ummon investitsiya kompaniyasining faol ko‘magida ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro investitsiya forumida 8 ming nafar delegat, shu jumladan 100 ga yaqin davlatdan 3 mingga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilayotgani xabar qilingandi.