Afg‘oniston poytaxti 2030 yilgacha suvsiz qolishi mumkin
Olam
−
09 iyun 6030 2 daqiqa
Afg‘oniston poytaxti Qobul aholisi 2030 yilgacha ichimlik suvidan butunlay mahrum bo‘lishi mumkin. Bu haqda Mercy Corps nodavlat gumanitar tashkilotining hisobotiga tayanib, “The Guardian” nashri xabar berdi.
Hisobotga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikda Qobul atrofidagi yerosti suv qatlamlarida suv sathi 30 metrga pasaygan. Shahardagi quduqlarning deyarli yarmi qurib qolgan. Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, 2030 yilga borib ushbu suv qatlamlari butunlay qurib qolishi mumkin, bu esa Qobulni ichimlik suvisiz qolgan zamonaviy davrdagi ilk shahar darajasiga olib chiqadi. Hozirda shaharda taxminan 7 million kishi yashaydi, bu ko‘rsatkich so‘nggi 20 yilda yetti baravarga oshgan.
Inqirozga asosiy sabab sifatida iqlim o‘zgarishlari va urbanizatsiya ko‘rsatilmoqda. Hisobotda yozilishicha, har yili olinayotgan suv hajmi tabiiy ravishda tiklanayotgan suv miqdoridan 44 million kub metrga ko‘p. Shuningdek, shaharda suv kuchli darajada ifloslangani, odamlar esa daromadlarining 30 foizigacha bo‘lgan qismini suvga sarflayotgani qayd etilgan.
Mercy Corps tashkilotining Afg‘onistondagi rahbari Deyn Karri bu boradagi xavfdan ogohlantirgan.
“Ushbu muammoni hujjatlashtirish va xalqaro e’tiborni jalb etish uchun barcha harakatni qilish zarur. Suv yo‘qligi odamlarni uylarini tark etishga majbur qilmoqda. Agar xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonning suv muammolarini hal qilishga aralashmasa, bu migratsiyani yanada kuchaytiradi va afg‘onistonliklarning ahvolini og‘irlashtiradi”, deydi u.
Shuningdek, Xalqaro Qizil yarim oy jamiyati 2025 yil mart oyida bergan bayonotida Afg‘oniston aholisining 33 millioni suv tanqisligidan jiddiy aziyat chekayotganini bildirgan. Bu muammoning sabablari qatorida qurg‘oqchilik, yog‘ingarchilik, ayniqsa qor yog‘ishi kamaygani va harorat ko‘tarilgani keltirilgan. Xalqaro Qizil yarim oy jamiyati aholiga yordam ko‘rsatish maqsadida nasoslarni yangilash va suv tozalash filtrlari o‘rnatish kabi loyihalarni amalga oshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Fanlar Akademiyasining IMEMO Markaziy Osiyo sektori mudiri Stanislav Pritchin onlayn formatda bo‘lib o‘tgan “Iqlim o‘zgarishlari va Markaziy Osiyoda suv resurslaridan foydalanish muammolari” mavzusidagi davra suhbatida turli baholarga ko‘ra, 2028 yilga borib Markaziy Osiyo suv tanqisligining surunkali bosqichiga o‘tishini aytgan edi.
Live
Barchasi