“O‘rtakash”lar Rossiya-Ukraina muzokarasini muhokama qildi
Olam
−
03 iyun 5299 2 daqiqa
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan va AQSH davlat kotibi Marko Rubio telefon orqali muloqot qilib, Istanbulda bo‘lib o‘tgan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning natijalarini muhokama qildi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziriga tayanib, “Anadolu” xabar berdi.
TIV vakillarining so‘zlariga ko‘ra, suhbat davomida tomonlar urushni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlar hamda 2 iyun kuni Istanbulda o‘tgan muzokaralarning natijalari yuzasidan fikr almashgan.
Ikkinchi raunddagi muzokaralarda Turkiya TIV rahbari Fidan bevosita ishtirok etgan. U uchrashuvni “konstruktiv muhitda o‘tdi” deb baholagan hamda tomonlarning urushni tugatishga bo‘lgan yondashuvini “olqishga loyiq” deb atagan.
Shuningdek, tomonlar Suriya va G‘azodagi so‘nggi vaziyatlarni ham ko‘rib chiqqan. Fidan va Rubio ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni mustahkamlash borasida yakdil fikrga kelgan.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, ushbu telefon muloqoti mintaqaviy barqarorlik va tinchlik yo‘lida muhim qadamlarga hissa qo‘shishi kutilmoqda. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish va umumiy manfaatlarni hisobga olish masalalarida kelishuvga erishilgan.
Istanbuldagi muzokaralar
Joriy yilning 2 iyun kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar 16 mayda uch yildan ortiq tanaffusdan so‘ng qayta tiklangan. Tomonlar tinchlikka erishish bo‘yicha memorandum loyihalarini almashdi. Rossiya hujjatida 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish yo‘llari ko‘zda tutilgan, Ukraina esa hujjatni o‘rganish uchun vaqt so‘ragan.
Shuningdek, taraflar og‘ir yarador va yosh harbiy asirlar almashinuvi bo‘yicha kelishgan. Har bir tomon mingdan kam bo‘lmagan asirni topshiradi.
Rossiya, shuningdek, bir tomonlama tarzda 6 ming nafar halok bo‘lgan ukrain harbiysining jasadini topshirishga va’da bergan. Ukraina delegatsiyasi rahbari, Mudofaa vaziri Rustam Umarov ham jasadlar “6000 ga 6000” nisbatida almashilishini ma’lum qilgan. Ukrainalik bolalarni qaytarish masalasi ham muhokama qilingan.
Bundan tashqari, Rossiya jang maydonida halok bo‘lgan askarlar jasadini yig‘ib olish uchun 2-3 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishni taklif etgan. Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy buni ob-havo issiqligi va epidemiyalar xavfi bilan izohlagan. Zelenskiy esa bunday taklifni tanqid qilib, “o‘lmaslik uchun o‘t ochishni to‘xtatish kerak” degan.
Xullas, Moskva va Anqara kecha bo‘lib o‘tgan muzokaralarning ikkinchi bosqichini ijobiy baholadi. Kiyev uchinchi bosqich uchrashuvini iyun oyi oxirigacha o‘tkazishni taklif qilmoqda.
Live
Barchasi