Asaka hokimi fuqaroni bo‘ralab so‘kdi (video)
3-sahifa
−
27 may 35652 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Asaka tumani hokimi Nasibillo Mo‘minovning ovozi ekani aytilgan audioyozuv keng tarqalib, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Tarqalgan audioyozuv va videoda hokim fuqarolardan birini keskin haqoratlab, unga “ko‘rsatib qo‘yishi”ni ta’kidlaganini eshitish mumkin. Fuqaro esa tuman rahbari bo‘lgan Mo‘minov xalqning pulidan tirikchilik qilishi, endi esa ularni “tepayotgani”ni aytgan. Shuningdek, agar hokim ishdan ketsa, buyruq berib, uni qamab qo‘yadigan odamlari bo‘lmasa, haqoratlangan yigit unga javob qaytarishini bildirgan.
QALAMPIR.UZ holat bo‘yicha ma’lumot olish maqsadida tuman hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, holat 2024 yilning dekabr oyida sodir bo‘lgan. Ayni paytda hokimning fuqaroga qilgan munosabati yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning tegishli qaroriga asosan 2023 yilning oktyabr oyida Asaka tumani hokimi Bekzod Ummatov vazifasidan ozod etilgandi. Ummatovning o‘rniga esa uning o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Nasibillo Mo‘minov Asaka tumani hokimi vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib tayinlangandi.
Mo‘minov mehnat faoliyatini 2001 yilda Andijon qurilish texnikumining maxsus fan o‘qituvchisi vazifasidan boshlagan.
2003-2015 yillarda Andijon uy-joy va kommunal xo‘jaligi kasb-hunar kollejida bo‘lim boshlig‘i, amaliyot ishlari bo‘yicha, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
2015-2017 yillar davomida Andijon qurilish va transport kasb-hunar kollejining direktori, 2017-2018 yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Andijon viloyati bo‘limi boshlig‘i, 2018-2019 yillar davomida esa Andijon viloyati hokimligi kasb-hunar boshqarmasi boshlig‘i vazifalarida faoliyat yuritgan.
Bundan oldin ham, aniqrog‘i 2024 yilda Nasibillo Mo‘minov viloyatdagi hokimlarning an’anaviy qabulida o‘z dardini aytib kelgan ayolga nihoyatda qo‘pol munosabatda bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hokimi Baxtiyor Begmatov qo‘l ostidagi xodimlarni so‘kkani yozib olingan audio tarqalgandi. Hokimlik matbuot xizmati ushbu ovoz aynan Begmatovga tegishli ekanini tasdiqlamadi, biroq inkor ham etmagandi.
Shuningdek, o‘tgan yilning oktyabr oyida Sirdaryo viloyati Boyovut tumanining so‘kong‘ich hokimi Dilfuza O‘rolova fermerlardan birini keskin haqoratlab, qo‘l-oyog‘ini bog‘latib, ichki ishlar xodimlariga topshirib yuborganini aytgandi.