Bill Geyts bor boyligini xayriyaga sarflashini e’lon qildi

Olam

image

Microsoft kompaniyasi asoschisi va milliarder Bill Geyts o‘z shaxsiy boyligining deyarli barchasini kelgusi 20 yil ichida xayr-ehsonga sarflamoqchi. Bu haqda u o‘zining “Gates Notes” saytida e’lon qildi.

Uning bildirishicha, 200 milliard dollar miqdoridagi mablag‘ Geyts fondi (Gates Foundation) orqali insoniyat hayotini saqlab qolish va yaxshilash uchun yo‘naltiriladi.

“Keyingi 20 yil ichida men o‘z boyligimning deyarli barchasini Geyts fondi orqali dunyo bo‘ylab odamlar hayotini saqlash va yaxshilash maqsadlariga sarflayman. 2045 yil 31 dekabr kuni fond o‘z eshiklarini butunlay yopadi”, deb yozdi Geyts o‘z saytida.

“Reuters”ning yozishicha, Geyts AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan qisqartirilgan yoki to‘xtatilgan ko‘plab yordam dasturlarini tanqid qilgan. U o‘z maqsadlari qatorida yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, bolalar va onalarning o‘limiga olib keluvchi “oldini olish mumkin bo‘lgan sabablar”ga qarshi kurashishni, poliomiyelit, bezgak va qizamiq kabi kasalliklarni yo‘q qilishni va qashshoqlik darajasini pasaytirishni ko‘rsatgan.

“O‘limimdan keyin odamlar men haqimda ko‘p gap aytishadi, lekin ular shunday demasligini istayman: “U boy bo‘lib o‘ldi”, degan Geyts.

CNN telekanaliga ko‘ra, Bill va uning sobiq rafiqasi Melinda 2000 yilda tashkil etgan fond avval boshda ular vafot etganidan so‘ng ham uzoq yillar faoliyat yuritishi kerak edi. Ammo Geyts endi mablag‘larni ana shunday uzoq kutilmaydigan muddatda to‘liq yo‘naltirishga qaror qilgan.

Geyts fondi tuzilganidan buyon jami 100 milliard dollar xayriya qilgan, jumladan, OITS, sil va bezgakka qarshi kurash dasturlariga. “Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, Bill Geytsning hozirgi boyligi taxminan 108 milliard dollarga teng.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Bill Geyts mashhur hind blogeri Raju Shamaniga bergan intervyusida boyligining asosiy qismini farzandlariga meros qilib qoldirmasligini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

xayriya Bill Geyts xayr-ehson

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing