Video: Jamshid Kenjayevning otasi sud hukmidan norozi bo‘lyapti

Jamiyat

Kecha, 13 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 2018 yilning yoz oylarida poytaxt Toshkentdagi “Aurum 898” tungi klubida sodir etilgan qotillik yuzasidan sud hukmi o‘qilgani haqida xabar bergan edik. 

Ushbu sud majlisida “Aurum 898” tungi klubi ostonasida o‘ldirilgan Jamshid Kenjayevning ota-onasi, turmush o‘rtog‘i va yaqinlari ham ishtirok etgan. Sud majlisida qatnashgan Kenjayevning otasi Yoqub Kenjayev sud hukmidan norozi ekanini ma’lum qilgan. Ota farzandining o‘limiga sababchi bo‘lganlarga umrbod qamoq jazosi tayinlanishini so‘ragan. 

“Yotgan odamga yordam berishga hech kimni yaqinlashtirishmay, atrofini o‘rab turishibdi. Buni videotasvirda ko‘rish mumkin. Bolam bechora o‘sha yerda 45-48 daqiqa yotgan. Sal kam bir soat yotgan o‘sha joyda”, deydi Kenjayevning otasi jurnalistlar bilan muloqotda. 

Eslatib o‘tamiz, sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib chiqib, Shodali Qilichovni (1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, “Aurum 898” tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlangan) O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v”, “j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda;

Saidazim Kamoldinov (1994 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta, “Aurum 898” tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlanmagan), Alijon Xamrayev (1982 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta, “Aurum 898” tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlangan) va Jahongir Yorqulovni (1992 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta, “Aurum 898” tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlanmagan)O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Sud hukmiga asosan Shodali Qilichovga 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilandi, Saidazim Kamoldinov, Alijon Xamrayev va Jahongir Yorqulovning har biriga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini manzil-koloniyada o‘tash belgilandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Jamshid Kenjaev

Baholaganlar

295

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing