“Aurum 898”ning yana bir qo‘riqchisiga hukm o‘qildi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, o‘tgan yilning yoz oylarida Toshkentdagi “Aurum 898” tungi klubida vahshiy jinoyat sodir etilgan va uning oqibatida erkin kurashchi Jamshid Kenjayev pichoqlanib, shifoxonada vafot etgandi. Mazkur jinoyat bo‘yicha joriy yilning 13 mart kuni ayblanuvchilarga sud hukmi o‘qildi.

“Aurum 898” tungi klubidagi janjal bo‘yicha yana bir qo‘riqchiga 5 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. Sud jarayoni joriy yilning 9 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudida sudya A.Shomahmudov raisligida nihoyasiga yetdi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.

Sudda janjal vaqti marhum Jamshid Kenjayev bilan bo‘lgan do‘sti Shohruh Shahobiddinovich Tursunov jabrlanuvchi va tungi klubning norasmiy qo‘riqchisi Mels Anvarovich Azimov ayblanuvchi sifatida ishtirok etdi.

Mels Azimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ayblangan.

Mels Azimov “Aurum 898” klubidagi janjalning oldini olmoqchi bo‘lganJamshid Kenjayevning o‘rtoqlari Shohruh Shahobiddinovich Tursunov, Ibrohim Mehriddinovich Sindorov, Ulug‘bek Dilshodovich Hayitboyev va Ibrohim Isroil o‘g‘li Ilhomjonovning ortidan quvib borgan. So‘ng Shohruh Tursunovni tanasining turli joylariga qo‘l va oyoqlari bilan urib, yonida bo‘lgan pichoq bilan orqa dumba sohasiga ikki marta tan jarohati yetkazgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, Shohruh Tursunovning tanasida, chap kosh sohasi ezilib yirtilgan yara, chap ko‘z pastki qovoq sohasi, o‘ng yelka yuqori uchligi, ko‘krak qafasi sohasi, o‘ng yelka sohasi qontalashishlari, ko‘krak qafasi va burun sohalari shilinmalari, chap dumba sohasi yaralari, bosh tepa sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi jarohati aniqlanib, bu jarohatlar og‘irlik darajasi bo‘yicha sog‘liqni qisqa muddatga buzilishiga olib keladigan yengil jarohatlar turkumiga kirishi ko‘rsatilgan.

Shohruh Tursunov barcha ayblovlarni tan olgan hamda qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, hozirda jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararni qoplaganini, jabrlanuvchi Tursunovning unga nisbatan hech qanday moddiy va ma’naviy da’vosi yo‘qligini bayon etib, yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.

Azimov Mels Anvarovich (Azimov Mels Anvarovich) O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan aybdor deb topildi va unga shu modda bilan 5 (besh) yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 62-moddasi tartibida dastlabki qamoqning bir kunini ozodlikni cheklashning bir kuniga tenglashtirib hisoblab, ya’ni 2019 yil 8 maydan 9 iyulga qadar (63 kun) muddatni inobatga olib, tayinlangan ozodlikni cheklash jazosidan dastlabki qamoqda bo‘lgan muddatni ayirib tashlab, uzil-kesil o‘tash uchun M.Azimovga 4 (to‘rt) yil 9 (to‘qqiz) oy 27 (yigirma yetti) kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Ozodlikni cheklash jazosi M.Azimovning yashash joyi bo‘yicha, ya’ni Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani, Jar qishlog‘ida kechki soat 20:00 dan ertasi kuni ertalab soat 08:00 ga qadar o‘tash belgilandi.

Cheklovlar quyidagicha:

- yashash joyini hukmni ijrosini nazorat qiluvchi organ ruxsatisiz o‘zgartirmaslik,

- ommaviy va boshqa tadbirlarda ishtirok etmaslik,

- muayyan joylarda – tungi klublar, restoran, kafe, bar, spirtli ichimliklari ichish joylariga bormaslik,

- alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslik, muayyan buyumlarni – barcha turdagi pichoq, temir bo‘laklarini o‘zida saqlamaslik,

- Qashqadaryo viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik taqiqlari yuklatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jamshid Kenjaev Aurum 898

Baholaganlar

87

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing