Koronavirus adolatsizlik va tengsizlikni keskinlashtirdi – Erdo‘g‘an

Olam

image

Dunyo bo‘ylab ochlikdan aziyat chekayotganlar 820 milliondan oshgan. Yana 70 million odam urushlar, qurolli to‘qnashuvlar va adolatsizliklar natijasida o‘z uyini tashlab qochishni ma’qul topgan. 170 million kishi shoshilinch yordam va himoyaga muhtoj. Koronavirus pandemiyasi esa dunyodagi ushbu adolatsizlik va tengsizlikni keskinlashtirdi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Birlashgan Millatlar Tashkilotining yetmish beshinchi sessiyasidagi chiqishida gapirdi. 

“Koronavirus sabab sog‘lig‘imizni, iqtisodiyotimizni, farovonligimizni va kelajagimizni xavfga qo‘ygan bir qator muammolarga duch kelyapmiz”, deydi Erdo‘g‘an. 

Turkiya rahbarining qayd etishicha, mamlakat koronavirus ortidan kelgan iqtisodiy muammolarga qaramay, boshqa davlatlarga yordam qo‘lini cho‘zishda davom etgan. O‘tgan davrda 146 o‘lkaga koronavirusga qarshi kurashda insonparvarlik yordamlarini yuborgan. 

“Biz o‘z vatandoshlarimizning ehtiyojlarini qondirish bilan birga, din, til, irq va mintaqasidan qat’i nazar dunyoning 146 mamlakatiga tibbiy buyumlar va uskunalar yubordik. 

Haddan tashqari daromad topish ishtiyoqi, hokimiyatning konsentratsiyasi va mustamlakachilikni yangi usullar bilan davom ettirish istagi global tizimning adolatni taqsimlashidagi eng katta to‘siqdir. Dunyoning turli burchaklari, jumladan Suriya, Yaman, Falastin va Afg‘onistondagi beqarorlik buning yaqqol isbotidir”, deydi Erdo‘g‘an. 

Turkiya joriy yilning may va iyul oylarida O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurash borasida insonparvarlik yordamini yuborgan edi

Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda Turkiyada koronavirusga chalinganlar 308 069 nafarni tashkil etmoqda. Ularning 270 723 nafari sog‘aygan, 7 711 nafari vafot etgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 sentyabr kuni Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatda yana kuchaytirilgan karantin joriy qilinishi mumkinligini aytgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

70

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing