Saida Mirziyoyeva va Mehribon Aliyeva Bakuda o‘zbek madaniyatiga oid ko‘rgazmani ochib berdi

Jamiyat

image

Kecha, 17 mart kuni Ozarbayjon poytaxti Baku shahridagi Haydar Aliyev markazida "Choklardagi meros: O‘zbekistonning kashtachilik va tikuvchilik an’analari bo‘ylab sayohat" ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmaning ochilishida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning rafiqasi va mamlakatning Birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi. Bu haqda “Azərtac” xabar berdi.

Ochilish marosimida Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining yordamchisi, Haydar Aliyev markazi direktori Anar Alakbarov so‘zga chiqib, Ozarbayjon bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va qardoshlik munosabatlari, ayniqsa, keyingi yillarda Prezident Ilhom Aliyev va Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zaro yaqin shaxsiy munosabatlari tufayli muvaffaqiyatli rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Prezident yordamchisi Ozarbayjon-O‘zbekiston munosabatlarida madaniy aloqalar alohida o‘rin tutayotganini ta’kidlab, o‘zaro madaniyat kunlari muvaffaqiyatli tashkil etilganini eslatdi.

Anar Alakbarov ushbu ko‘rgazma mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik munosabatlarining yana bir ko‘rsatkichi ekanini ta’kidlab, shunday dedi: 

“Haydar Aliyev markazi bugungi kunda xalqaro anjumanlar, ko‘rgazmalar o‘tkaziladigan maydonga aylandi. Tadbirni o‘tkazishda ko‘rsatgan yordami uchun Ozarbayjon Birinchi vitse-prezidenti, Haydar Aliyev jamg‘armasi prezidenti Mehribon Aliyevaga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva hamda O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasiga rahmat. Bugun biz Haydar Aliyev markazi devorlarida O‘zbekistonga bag‘ishlangan ilk tadbirni o‘tkazmoqdamiz. Kecha UNESCOning madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan raqs “Lazgi. Ruh va sevgi raqsi" primerasi bo‘lib o‘tdi. Xabaringiz bor, keyingi hafta Navro‘z bayrami nishonlanadi. Ushbu bayram kunlari tashrif buyuruvchilar bugun ochilgan ko‘rgazma, shuningdek, bir kun avval taqdim etilgan Daniel Vurtselning “Havo favvorasi” instalyatsiyasi bilan tanishishlari mumkin”.

Tadbirda O‘zbekiston Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqib, Ozarbayjonda bo‘lgani va ushbu ko‘rgazma mamlakatda tashkil etilganidan mamnunligini bildirdi. 

“Bugun Bakudagi Haydar Aliyev markazida "Choklardagi meros: O‘zbekistonning kashtachilik va tikuvchilik an’analari bo‘ylab sayohat" nomli katta ko‘rgazma ochilmoqda. Ushbu ko‘rgazma nafaqat dekorativ-amaliy san’at kolleksiyasini namoyish etadi, balki O‘zbekiston madaniy merosining boy rang-barangligi, uning tarixiy teranligi va madaniy evolyutsiyasi timsoli ekanligining jonli guvohidir”.

Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida o‘ziga xos tarixiy aloqalar mavjudligini ta’kidladi.

“Ikkala davlat ko‘p asrlik tarix va boy madaniy an’analarga ega. O‘zbekiston va Ozarbayjonning tarixi, madaniyati va an’analarida ko‘plab umumiy jihatlar mavjud. Har ikki xalqning mehmondo‘stligi, boy milliy taomlari, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik kabi nodir xalq amaliy san’atining boy merosi bor. Ushbu ulug‘ voqea xalqlarimiz o‘rtasidagi yana bir ko‘prik, go‘zallik va ahillik yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz birlashganligimiz isbotiga aylansin”, degan Mirziyoyeva.

Ma’ruzalardan so‘ng Ozarbayjon Birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva va O‘zbekiston Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva Haydar Aliyev ko‘magida tayyorlangan “Ozarbayjon gilami-ilmoq raqsi” va “San’atdagi qo‘g‘irchoqlar” ko‘rgazmalari bilan tanishdi.

Ta’kidlash joizki, gilamlar kolleksiyasi sakkiz yil ichida yaratilgan. "Yaranish", "Shikargah", "Xon Ovu", "Urush va tinchlik", "Bandi-Rumiy", "Shabekali", "Odam va Momo Havo", "Agacli", "Narli", "Ko‘l", "Lechak- turunc”, “To‘rt fasl”, “Tagli”, “Jemadat” gilamlari, “Jannat qushlari” va “Jannat bog‘i” dasturxonlari – betakror san’at namunalari katta qiziqish bilan kutib olingan. To‘plamdagi gilamlarning har biri naqsh va bezaklar orqali tashrif buyuruvchilarga o‘ziga xos xabarni yetkazadi.

“Qo‘g‘irchoq san’ati” ko‘rgazmasida 200 dan ortiq qo‘g‘irchoqlar namoyish etilgan. Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan san’at namunalarining aksariyati bir nusxada tayyorlangan bo‘lib, yuksak badiiy qiymatga ega. Ushbu asarlarning aksariyati xalqaro qo‘g‘irchoq festivallari va biyennalelarida g‘olib bo‘lgan.

So‘ngra Mehribon Aliyeva va Saida Mirziyoyeva "Choklardagi meros: O‘zbekistonning kashtachilik va tikuvchilik an’analari bo‘ylab sayohat" ko‘rgazmasining ramziy ochilishini bildiruvchi lentani kesib, ekspozitsiya bilan tanishdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada ushbu mamlakat muzey kolleksiyasidan 140 dan ortiq dekorativ-amaliy san’at namunalari namoyish etilmoqda. O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi va milliy liboslariga bag‘ishlangan ko‘rgazma XIX-XX asrlarda O‘zbekiston hunarmandchiligining qayta tiklanishini aks ettiradi. O‘zbekistonda san’atning boshqa turlari orasida Buxoroning zardo‘zliklari azaldan alohida o‘rin tutgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Ozarbayjon Baku Saida Mirziyoeva Mehribon Alieva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing