Rossiya Shimoliy Koreyadan mehnat migrantlarini jalb qilishi mumkin

Olam

image

Rossiya hukumati kadrlar taqchilligini hal qilish uchun Shimoliy Koreyadan migrantlarni jalb qilishi mumkin. Bu haqda “Yedinoy Rossii” partiyasi mintaqaviy bo‘limi rahbari Aleksandr Kalininga tayanib, “Vedemosti” xabar berdi.

Kalininning ta’kidlashicha, Rossiyada savdo-sotiq, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida kadrlar yetishmaydi. Shu munosabat bilan, mamlakatga qo‘shimcha migratsiya oqimini jalb qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

“Biz Shimoliy Koreyaga [buni] taklif qilganmiz va taklif qilishda davom etmoqdamiz. Bu Uzoq Sharq uchun nihoyatda muhim”, deydi u KXDR fuqarolarining mehnat faoliyatiga qo‘shimcha imkoniyatlar ochilishiga ishora qilib.

Rasmiylar Rossiya mehnat bozorida kadrlar yetishmovchiligi mavjudligini tan olmoqda.

“Bugungi kunda ishlab chiqarish sanoatida  muhandis kadrlarning katta tanqisligi mavjud”, deydi Rossiya Mehnat vaziri Anton Kotyakov.

Rossiya Markaziy banki tahlillariga ko‘ra, mashinasozlik sohasidagi korxonalarning qariyb 75 foizida kadrlar yetishmovchiligi qayd etilgan.

Rossiya Fanlar akademiyasining Iqtisodiyot instituti tadqiqotiga ko‘ra, safarbarlik boshlangandan so‘ng, Rossiyadagi har ikkinchi kompaniya kadrlar yetishmasligiga duch kelgan. Kadrlar tanqisligiga Ukrainadagi urushga ko‘ngillilarni yollash, ruslarning ommaviy emigratsiyasi va pandemiyadan keyin iqtisodiyotni qayta qurish kabi omillar sabab bo‘lgani aytilgan.

Rossiya Mehnat vazirligi mehnat bozoridagi muammolarni yumshatish uchun bir qator chora-tadbirlarni tayyorlayapti. Departament xodimlarni harbiy-sanoat korxonalarida ishlash uchun qayta tayyorlashni, bo‘sh ish o‘rinlarini “Rabota v Rossii” davlat portaliga joylashtirishni va ishsizlarni ishga olishni subsidiyalashni rejalashtirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Shimoliy Koreya mehnat migrantlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing