YeOIIda to‘lovlarning 90 foizdan ortig‘i milliy valyutalarda amalga oshirilyapti – Putin

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)dagi to‘lovlarning 90 foizdan ortig‘i milliy valyutalarda amalga oshirilayotganini aytdi. Bu haqda u Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining tor doiradagi majlisida so‘z ochdi.

“O‘zaro savdo hajmi qariyb ikki baravarga oshib, 45 milliard dollardan 89 milliard dollarga yetdi. Bundan tashqari, hisob-kitoblarning 90 foizdan ortig‘i allaqachon milliy valyutalarda amalga oshirilmoqda”, degan Putin.

Rossiya rahbari iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘z-o‘zidan gapirayotganini ta’kidladi. U Yevroosiyo ittifoqi davlatlarining yalpi ichki mahsuloti mavjud hisob-kitoblarga ko‘ra, 1,6 trillion dollardan 2,5 trillion dollarga, uchinchi davlatlar bilan tovar ayirboshlash esa 60 foizga, ya’ni 579 milliard dollardan 923 milliard dollarga oshgan ma’lumotlarni keltirdi.

Prezident ijobiy makroiqtisodiy dinamika 2024 yilda ham davom etishini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya YeOIIdagi hamkorlari bilan o‘zaro manfaatli, ko‘p qirrali aloqalarni yuksak qadrlaydi.

“Biz integratsiya birlashmamizni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha kelgusida hamkorlikda ishlashga chin dildan intilamiz”, degan u.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, bu sammit nafaqat yubiley, balki amaliy, chinakam ishbilarmonlik ruhida bo‘ladi.

“Biz tasdiqlash uchun tayyorlangan, strategik xususiyatga ega va turli sohalardagi hamkorligimizni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator yangi qarorlarni ko‘rib chiqamiz”, dedi u.

Ma’lumot uchun, bu yil Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishiga Armaniston raislik qilmoqda. Sammitda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston yetakchilari qatnashmoqda. YeOII yetakchilarining kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuviga hozirda ittifoqda kuzatuvchi davlat maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekiston va Kuba Prezidentlari ham ishtirok etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin EOII

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made