Vaziyat og‘irlashyapti. Eron yirik tankerni qo‘lga oldi

Olam

Eronning Islom inqilobi posbonlari korpusi Fors ko‘rfazida xorijiy tanker va uning 12 kishilik ekipaji qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Rasmiy Tehron tankerda million litr kontrabanda yoqilg‘i olib ketilayotganini iddao qilyapti.

Eron davlat televideniyesining ma’lum qilishicha, tanker 14 iyul, yakshanba kuni ushlangan. Kema qanday bayroq ostida harkatlangani, kimga tegishli bo‘lgani noma’lum.

Ikki million tonna yuk ortishga mo‘ljallangan tanker yarim to‘la yuk bilan Larak oroli yaqinida qo‘lga olingan. Tanker yoqilg‘ini boshqa kemaga o‘tkazish vaqtida ushlangan. Hozirda mazkur ish yuzasidan yuridik jarayonlar olib borilyapti.

Buyuk Britaniya hukumati hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot olishni kutayotganligi va Eron mintaqadagi keskinlikni kamaytirishi kerakligini ta’kidlayapti.

O‘tgan haftada Eron kemalari Fors ko‘rfazida britan neft tankerini qo‘lga olishga uringandi. Bu voqea Gibraltar bo‘g‘ozida britan dengizchilari Eron nefti yuklangan tankerni ushlaganidan bir hafta o‘tib yuz berdi.

Eron tomoni o‘z kemasining qo‘lga olinishini qaroqchilikning bir shakli sifatida baholadi.

Ma’lumot uchun, Fors ko‘rfazidagi vaziyat AQSH Eron yadro dasturidan chiqqanidan keyin yomonlashdi. AQSH dasturdan chiqib, Eronga nisbatan sanksiyalarni tikladi. Shuningdek, Eron neftining Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya va Turkiyaga eksportini taqiqladi.

Donald Tramp ma’muriyati Eron bilan yangi ikki tomonlama shartnoma tuzmoqchi. Unda Amerika Eronning faqatgina yadro bilan bog‘liq faoliyatdan emas, raketa dasturi va xorijdagi harbiy harakatlardan ham voz kechishiga erishmoqchi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron tanker Fors ko'rfazi

Baholaganlar

146

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing