Pekindan hadiksirayotgan G‘arb va Sharq davlatlarining qo‘li Xitoy texnologiyalariga yetdi

Tahlil

image

COVID-19 pandemiyasi avjiga chiqqan sari dunyoning turli chekkalarida siyosiy haroratlarni ham oshirib eski murosasiz adovatlarni ham qo‘zg‘ab yuborayotgandek. Xitoyning har qanday sohadagi qudratiga muqaddam muayyan hadik va xavotir bilan qarab kelgan davlatlar tomonidan uning axborot texnologiyalariga qarshi yanada bosiqroq peshvoz qadamlar qo‘yilmoqda.

AQSH

AQSH yil boshidan beri tojsimon virusning tarqalishida rasmiy Pekinni mas’uliyatsizlik bilan ish tutganlikda ayblab keladi. AQSH TikTok`ni bloklash to‘g‘risida ham Oq uy sohibi Donald Tramp, ham davlat kotibi Mayk Pompeo bayonot berdi. Ularning fikriga ko‘ra, TikTok ma’lumotlarni “xitoylik kommunistlarga” yetkazib turadi. 2019 yilning noyabrida AQSH ma’muriyati TikTok`ning qarorgohi Pekinda joylashgan ByteDance Technology Ltd. kompaniyasi tomonidan 2 yil muqaddam Amerikaning Musical.ly nomli ijtimoiy tarmoq ilovasini 1 milliard AQSH dollariga sotib olgan ishi bo‘yicha milliy xavfsizlik so‘rovini boshlagan edi.

Qo‘shma Shtatlarda taomil bo‘yicha mamlakatga sarmoya kirituvchi har bir chet el kompaniyasi AQSH xorijiy sarmoya qo‘mitasi (CFIUS)ning rasmiy iznini olishi lozim. Ammo ByteDance qo‘mitani chetlab o‘tib ushbu kelishuvga erishgan. Qo‘mitani o‘yga cho‘mdirib, aniq idoralararo murosaviy to‘xtamga keltirmayotgan uch jihat mavjud. Bular:

•    zikr etilgan video almashuv platformasi foydalanuvchisi to‘g‘risidagi shaxsga oid ma’lumotlar bazasining chet el firmasida to‘planishi va undan qay maqsadlarda ishlatilishi;
•    amerikaliklar tomonidan tomosha qilinayotgan yoki yuklatilgan kontent Xitoy senzurasiga duchor bo‘lish-bo‘lmasligi;
•    shunchaki oddiy ko‘ringan mobil o‘yinchoqdan kelgusidagi siyosiy ta’sir o‘tkazish kampaniyalarda foydalanish masalalaridir.

2020 yil iyun oyiga kelib AQSH xorijiy sarmoya qo‘mitasining o‘tgan yili bildirgan tashvishlari o‘z tasdig‘ini topdi. TikTok foydalanuvchilari Tramp saylovoldi kampaniyasining Oklaxoma shtati Talsa shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirga kutilgan 1 mln kishidan atigi 19 ming nafar kishi kelgan. Bunga sabab ommalashib ketgan “makarena” qo‘shig‘i sadosi ostida raqsga tushayotgan aksariyati amerikalik o‘smirlar roligida soxta foydalanuvchilar tadbirni buzish uchun o‘z ishtirokini tasdiqlab, chiptalarni bron qilganlar, lekin o‘zlari hozir bo‘lmaganlar. TikTokning AQSHda 26,5 mln faol foydalanuvchilari bo‘lib, ularning 60 foizi 16-24 yoshdagi o‘smir-yoshlardir.

Bundan avvalroq 2018 yil may oyida Pentagon mamlakat tashqarisi va ichkarisidagi barcha harbiy bazalardagi shaxsiy tarkib to‘g‘risidagi axborotlar sizib chiqib ketmasligini oldini olish maqsadida Xitoyning Huawei va ZTE mobil uskunalari xaridiga ta’qiq qo‘ygandi. Sal o‘tib 2019 yil dekabrdan boshlab Pentagon o‘z harbiylari, shu jumladan harbiy dengiz kuchlariga aloqador barcha askar va zobitlardan hukumat orgtexnikasida TikTok’dan foydalanishni qat’iy ta’qiqlab, mobodo o‘rnatilgan taqdirda zudlik bilan o‘chirib tashlashni buyurgandi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining rasmiy Pekinga e’tirozlari bugun yo kecha tug‘ilmagan. Allaqachon Baraka Obama ma’muriyati davrida 2012 yil oktyabrdagi AQSH Kongressi Vakillar palatasining razvedka qo‘mitasi chiqargan 60 betlik hisobotda Huawei`ning Xitoy hukumati yoxud kommunistik partiyasi bilan munosabati, korporativ tuzilishi, qaror qabul qilish jarayonining naqadar hech kimga tobe emasligi, harbiylar bilan ehtimoliy aloqasi, AQSHdagi mavjud yuridik maqomdagi sub’ektlarning intellektual mulk huquqlariga nisbatan mensimaslik namunalariga ega bo‘lgani, G‘arb konsultativ firmalari bilan erishgan muvaffaqiyati Xitoy hukumati madadisiz bo‘lgani, Erondagi amaliyotlari va Eron hukumati bilan amalga oshirgan biznesi AQSH va xalqaro sanksiyalari talablariga mutanosib kelishi to‘g‘risidagi tushuntirishlarini ishonchga yaroqsiz deb topgan. Xullas, AQSH qonunlarigi rioya etmaslik va to‘liq hamkorlik qilmayotgani bilan bog‘liq xavotirlarni sanab o‘tib, hisobot so‘nggida xorijiy davlat ta’siridan holi bo‘lmagani bois Huawei va ZTE kompaniyalariga ishonib bo‘lmasligi, Xitoy telekommunikatsiya sanoatining mamlakatdagi har qanday turdosh kompaniyani xarid qilishi yo o‘ziga qo‘shib yuborish masalasi doim CFIUS nigohida bo‘lishi lozimligi, AQSH va uning ittifoqdoshlari tizimlariga xavfsizlik nuqtai nazardan tahdid solishi ma’lum qilingan.

Buyuk Britaniya

14 iyun kuni Buyuk Britaniya hukumati o‘zining Milliy kiberxavfsizlik markazi chop etgan tavsiyalariga ko‘ra, qanchalik qimmatga tushib yo ijro muddati paysalga solinmasin, Huawei va ZTE kompaniyalarini mamlakatning strategik muhim ob’ektlari faoliyatiga yo‘latmaslik, ularning uskunalarini 2021 yil boshidan xarid qilmaslik, to 2027 yilga qadar esa Britaniya barcha 5G tarmog‘idan uzib, undan tamomila voz kechish bo‘yicha davlat va xususiy soha tashkilot va vakillariga ko‘rsatma berib, qonuniy choralarni eslatdi.

“Telekomunikatsiya tarmoqlarimizning xavfsizligi va bardoshlilik darajasi biz uchun nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Biz iqtisodiy farovonlikka erishamiz, deb xavfsizligimizni tahlika ostiga qo‘ymaganmiz va kelgusida qo‘ymaymiz ham. Qo‘shma Shtatlar Huawei’ga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalarni joriy etgani bor gap. Faktlar o‘zgarar ekan, bizning yondashuvimiz ham o‘zgardi”, degan britaniyalik rasmiy.

Aftidan mazkur voqealar Xitoyning Gonkongda xavfsizlik choralarini oshirganiga javob sifatida sodir bo‘lmoqda. Hatto shu yil aprelda Buyuk Britaniyaning Genri Jekson jamiyati “koronavirus bo‘yicha ma’lumotlarni yashirgan” Xitoydan 3,2 trillion funt sterling tovon pulini to‘lashi lozimligini yoqlab chiqqandi. Tahlikalar oshar ekan, kuni kecha “New York Times” gazetasining Gonkongdagi Osiyo byurosi Janubiy Koreya poytaxti Seulga ko‘chib o‘tishini ma’lum qildi. Bunga javoban Huawei’ning Buyuk Britaniyadagi vakili “afsuski, bizning Buyuk Britaniyadagi istiqbolimizga siyosiy tus berildi, aslida bu AQSH savdo siyosati, aslo xavfsizlik emas”, deb bayonot bergan.

Hindiston

Yaqinda Hindiston ham TikTok bilan birgalikda Xitoyning yana 58 ta mobil ilovalaridan yuklab olish va foydalanishni man qildi. Hindiston Axborot texnologiyalari vazirligi 29 iyundan boshlab o‘z virtual hududida nafaqat TikTok, balki Likee, SHAREIt, WeChat, Weibo kabi o‘nlab Xitoy mobil ilovalarini ta’qiqlashini ma’lum qilgan. Chop etilgan rasmiy bayonotda Xitoy so‘zini biron marotaba tilga olmay, ammo kelib chiqishi Xitoyga borib taqaluvchi 59 ta mobil ilova “Hindistonning suvereniteti va hududiy yaxlitligi, mudofaasi, davlat va jamoat xavfsizligiga nisbatan g‘anim darajasidagi ziyon keltiruvchi” ekani bildirilgan. Ushbu cheklovlardan sal avvalroq may oyida Xitoy-Hindiston davlat chegarasida mojaro bo‘lib o‘tib, bu ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida ko‘plab dahanaki janglarga sabab bo‘lgani kuzatilgan.

Ishga tushirilganiga atigi 4 yil bo‘lgan TikTok GooglePlay va AppStore orqali 2 milliard marotaba yuklab olingan ommabop mobil ilova hisoblanib, ularning 30 foizi Hindiston foydalanuvchilariga to‘g‘ri keladi. Xitoy Hindistonda ko‘p milliardlik investitsiyaviy loyihalarga qo‘l urgan, ammo ushbu istiqbolli rejalar rasmiy Dehlining Pekinga nisbatan keskin choralarni ko‘rishga to‘sqinlik qilmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Dehli taqiqidan so‘ng TikTok hozirda kuniga yarim million dollargacha daromaddan mosuvo qolmoqda.

Avstraliya

Xalqaro voqealarni diqqat bilan kuzatib boruvchi Avstraliya qonun chiqaruvchi vakillari mamlakatda TikTok’ni bloklash bo‘yicha taklif va mulohazalarni hozirda o‘rganmoqdalar.

TikTok

2020 yilning birinchi choragida ByteDance kompaniyasiga 5,6 milliard dollar foyda keltirgan TikTok jahon yoshlarining ijtimoiy-siyosiy, erkin so‘z maydoniga aylanib bormoqda. Yuqoridagi ayblovlarga javoban TikTok’ning Dehli va Kaliforniyadagi bo‘limlari platforma serverlari Xitoydan tashqarida joylashgani hamda u o‘z faoliyatida shaxsga doxil ma’lumotlarni saqlashda mezbon hukumatlar chiqargan qonun-qoidalar doirasida rioya etishini bildirib, raddiya bilan chiqdi. Mobil ilovaning o‘zining zarari yo‘q, ammo boshqa ijtimoiy tarmoqlar kabi undan voyaga yetmaganlarning foydalanishi, internet tobelikni shakllanish ehtimoli yuqoriligi, trollar tufayli ruhiy zo‘riqish, betamiz va jamoat tartibiga zid roliklarning urchishi kabi salbiy tomonlari yo‘q emas.

Shuningdek, TikTok o‘zining 2019 yilning ikkinchi yarim yillik hisobotida Hindiston, AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Turkiya kabi o‘nlab davlatlarning talabiga binoan o‘z platformasidagi xavfli shaxs va tashkilotlar, noqonuniy faoliyat va sanksiya qo‘yilgan mahsulotlarni sotish, zo‘ravonlik, suiqasd, adovat nutqlari, betamizlik va plagiatga oid 49 mln videorolikni o‘chirib tashlaganini ma’lum qilgan. Sivilizatsion dunyoning shaffof g‘alvirdan o‘tkazish chig‘iriqlariga dosh berish maqsadida hozirda TikTok o‘z qarorgohini Xitoydan boshqa davlatga ko‘chirish imkoniyatlarini ham o‘rganmoqda.

O‘zbekiston

O‘zbekistonda hozirda beshinchi avlod tarmog‘i, deb nomlanuvchi internet texnologiyasi 5G mavjud emas, abonentlarning 41 foizi 2G, 46 foizi 3G va atigi 13 foizi 4G mobil texnologiyalaridan foydalanadi. Spot.uz tadqiqotiga ko‘ra, iyul oyida TikTok O‘zbekistonda yuklab olinishi bo‘yicha Zoom, Telegram, Instagram va Imo’ni orttda qoldirib, ommabopligi bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqqan.

5G

5G texnologiyasi go‘yo COVID-19 kasallanishini keltirib chiqarishi to‘g‘risidagi fitna nazariyalari shu qadar urchib ketdi va unga mahalliy hamda mintaqa “mutaxassislari” shu qadar kirishib sharhlar berishni boshlashdiki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘zining soxta xabarlarga javoblar ruknidai koronavirus radio to‘lqin va mobil tarmoqlarda uchib yurmasligi hamda Covid 5G mavjud bo‘lmagan mamlakatlarda ham tarqalayotgani haqida mulohazalarini bildirgan. Xalqaro telekommunikatsiya uyushmasi bu masala bo‘yicha o‘zaro ilmiy asos va bog‘liqlik yo‘q, deb bayonot berdi. Pandemiya bois hayotimiz virtual olamga ko‘proq ko‘chgan, u yerda tarqalayotgan dezinformatsiyalar hukumat qabul qilajak qarorlariga va jamiyat a’zolariga ta’sir etmoqda.

Harbiy strategiya va taktika ta’limotining otalaridan biri Karl fon Klauzefits (1780-1831)ning “urush siyosatni boshqa vositalar orqali davom ettirilishidir” deb aytgan edi. Shunday ekan, 100 million va milliardlab internet foydalanuvchilariga ega yirik bozorlar tobora beqarorlashib borayotgan jamoat tartibini saqlash va o‘zlari istagan tartibga keltirishda o‘z kibermakonlarini imkon qadar turli yo‘llar bilan bo‘lsada virtual himoya qilishni maqsadga muvofiq, deb hisoblamoqdalar.

Iqtisodiy jihatdan imkoniyati cheklangan rivojlanayotgan mamlakatlarni esa ushbu dahanaki janglar chetlab o‘tishi ehtimoli baland, chunki ularni rivojlanishlari uchun muqobil variantning o‘zi deyarli mavjud emas.

Zabixulla Saipov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh O'zbekiston Buyuk Britaniya Avstraliya Hindiston COVID-19 5G TikTok

Baholaganlar

135

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing