Qirg‘izistonda hokimiyatni kuch bilan egallashga uringanlikda gumonlangan shaxs qo‘lga olindi

Olam

image

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olishga uringanlikda gumonlanib, qidiruvda bo‘lgan fuqaroni qo‘lga oldi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi xabar berdi.

“2024 yil 22 aprel kuni Chuy viloyatidagi Panfilov tumanining Qayndi qishlog‘ida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi Imomidin Toshov qo‘lga olindi, u zo‘ravonlik yo‘li bilan hokimiyatni egallab olishga uringanligi uchun qidiruvda bo‘lgan”, deyiladi bayonotda.

Matbuot markazi xabariga ko‘ra, gumonlanuvchi Qirg‘iziston va Qozog‘istonning “davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tib” Olmaotadan Qora-Balta shahriga o‘tmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining bildirishicha, Toshov “Qirg‘iziston hududida hokimiyatni egallab olish bilan birga namoyish o‘tkazish uchun kuchlarni birlashtirish maqsadida vaqtinchalik shtab” tashkil etishni rejalashtirgan. Matbuot markazining eslatishicha, gumonlanuvchi avvalroq hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olishga va mansab vakolatini suiiste’mol qilishga chaqiriqlari tufayli davlatlararo qidiruvga berilgan.

“Toshov qidiruvda bo‘lgan vaqtida hokimiyatni egallab olish maqsadida ijtimoiy tarmoqlar orqali aholini chalg‘itib, faol yollash ishlarini olib borgan”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida “KG Group” qurilish kompaniyasi direktori bo‘lgan Toshovga nisbatan respublika Jinoyat kodeksining tijorat yoki boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish va o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruvga berilgan. Toshov videobayonot bilan chiqib, unda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlarini 100 million som (1,12 million dollar) undirishda ayblagan edi. Respublikaning turli viloyatlaridan Imomidin Toshovning o‘nlab tarafdorlari va faol safdoshlari aniqlandi va qo‘lga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Imomidin Toshov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing