TIV okean ortidagi o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi AQSH, Kanada va Amerika qit’asining boshqa davlatlarida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat yo‘lladi.

Unda O‘zbekistonning AQSHdagi Elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, koronavirusning O‘zbekiston hududiga kirib kelishidan saqlanish maqsadida Uzbekistan Airways aviakompaniyasi joriy yilning 16 martidan boshlab “Toshkent – Nyu-York – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni vaqtincha to‘xtatgani aytilgan.

Elchixona mazkur davrda AQSHdan O‘zbekistonga borishni rejalashtirgan fuqarolarga o‘z safarlarini keyinroqqa qoldirishni va aviachiptalarni qaytadan bronlashni tavsiya qilgan. Aviabiletlarni qaytarishda Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan reyslarni bekor qilish davrida jarimalar olinmaydi.

O‘zbekiston fuqarolari o‘z Vatanlariga qaytganlaridan keyin 14 kunlik karantinga olinadilar.

Shuningdek. AQSHda koronavirus tarqalishi borasidagi vaziyatning keskinlashishi va mamlakatda favqulodda holat e’lon qilinishi munosabati bilan, O‘zbekiston fuqarolariga favqulodda zarurat bo‘lmasa AQSHga borish tavsiya etilmaydi.

O‘zbekistonning Vashington shahridagi elchixonasi va Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasiga tashrif buyuruvchilar orasida koronavirus tarqalishini oldini olish maqsadida konsullik-huquqiy hujjatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish masofadan turib (shaxsiy murojaatsiz), shuningdek, pochta xizmati orqali yozishmalar yuborish yo‘li bilan amalga oshiriladi, arizachilarning shaxsan hozir bo‘lishini talab qiladigan hujjatlar bundan mustasno (hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida ma’lumot elchixonaning uzbekistan.org va Bosh konsulxonaning www.uzbekconsulny.org veb-saytlarida joylashtirilgan).

Shu munosabat bilan hamda diaspora tashkilotlari va vatandoshlar bilan doimiy aloqalarni o‘rnatish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida elchixona va Nyu-York shahridagi Bosh konsulxona tomonidan doimiy ishlaydigan “ishonch telefonlari” ochildi va ishlamoqda.

Kecha, 15 mart holatiga ko‘ra, elchixona akkreditatsiya qilingan mamlakatlarda O‘zbekiston fuqarolari orasida koronavirus infeksiyasini yuqtirgan holatlar qayd etilmagan. 

Elchixona O‘zbekiston fuqarolaridan yuqorida keltirilgan barcha masalalar bo‘yicha quyidagi ma’lumotlar orqali bog‘lanishlarini so‘raydi:

O‘zbekistonning Vashington shahridagi Elchixonasi:
Manzil: 1746 Massachusetts Avenue, N.W. Washington, D.C. 20036
Telefon: (202) 887-5300, Faks: (202) 293-6804
El.manzil: [email protected]
Konsullik bo‘limi:
Telefon: (202) 887-5300 (ext. 1), Faks: (202) 202-9633
El.manzil: [email protected]
Telegram: @ElchixonaUZ
Faxriddin Mo‘minov, mobil telefon/telegram: (202) 251-8298).

O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxona:
Manzil: 630 3rd Avenue, 5th floor, New York, 10017
Telefon: (212) 754-7403, (212) 754-6178
El.manzil: [email protected]
Telegram kanal: https://t.me/consulNY

1. Ulug‘bek Axmedov, mobil telefon/telegram: +1 917 539-4664;
2. Qahramon Dalimov, mobil telefon/telegram: +1 347 217 4406;
3. Farhod Azimov, mobil telefon/telegram:+1 347 217 4404.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 mart kuni soat 06:00 da O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan fuqaro joriy yilning 11 mart kuni Fransiyaning Parij shahridan qaytgan. Virus bilan og‘rigan o‘zbekistonlik ayol oliy toifali shifokor bo‘lgan. Ayni vaqtda O‘zbekistonda COVID-19 virusi aniqlangan bemorlar soni 6 nafarga yetdi.

Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 169 605 kishi koronavirusga chalingan, ularning 6518 nafari vafot etgan, 77 772 nafari kasallikdan forig‘ bo‘lgan.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus

Baholaganlar

78

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing