COVID-19 masalasida o‘tgan JSST konferensiyasida O‘zbekiston o‘z munosabatini bildirdi

Jamiyat

image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan videokonferensiya tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ham so‘zga chiqqan.  

“Byuro direktori Xans Klyuge boshchiligidagi ushbu konferensiyada O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston sog‘liqni saqlash vazirlari ishtirok etdi. Unda hozirgi epidemiologik vaziyat, shuningdek, COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashda eksperimental va litsenziyalangan dori vositalaridan foydalanish masalalari asosiy muhokama mavzusi bo‘ldi. 

Videokonferensiya davomida qayd etilganidek, ba’zi mamlakatlarning COVID-19 qarshi kurashishdagi ijobiy belgilari bu hali g‘oliblik degani emas, balki koronavirus ustidan samarali nazoratni kuchaytirish uchun yaxshi imkoniyatdir. Ayni payt qo‘l qovushtirib o‘tiradigan vaqt emas. Jamiyatda barcha hamjihatlik bilan ushbu virus tarqalishining oldini olish va to‘xtatish bo‘yicha bir musht bo‘lib sa’y-harakatlarni yana kuchaytirishi lozim bo‘ladi”, deyiladi xabarda.  
 

Yig‘ilishda JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge nutq so‘zlagan. Uning aytishicha, Yevropada holat ikki barobar yomonlashgan.   

“Yevropa mintaqasidagi aksariyat  mamlakatlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ko‘paymoqda. Ushbu mintaqada so‘nggi 10 kun ichida qayd etilgan koronavirusdan kasallanish holatlari soni deyarli ikki marta oshdi. Bu global miqyosda kasallikka chalinishning taxminan 50 foizi bizning mintaqamizda sodir bo‘layotganini anglatadi. Afsuski, Yevropada vafot etganlar soni 84 mingdan ko‘paydi. Ayni paytda mamlakatlar bemorlarni samarali davolash borasida o‘zaro hamkorlik qilishi juda muhimdir. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqan holda, ushbu konferensiyada biz JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashda eksperimental dorilarni qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatma berishni muhokama qilmoqdamiz”, deya ta’kidlagan Byuro direktori. 
 

Mazkur konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ham fikr bildirgan. Vazir Byuro bilan hamkorlik koronavirusga qarshi kurashda qo‘l kelayotganini aytib o‘tgan. 

“Darhaqiqat, bugungi kunda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda eng ilg‘or tashkilot hisoblanadi. Hozir ushbu tashkilot bizga ham uslubiy, ham texnik jihatdan, ham maslahatlashuv borasida katta yordam bermoqda. O‘zbekistonda JSSTning barcha tavsiyalari bajarilmoqda. Bundan tashqari, JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi bilan doimiy hamkorlik, muntazam ravishda olib borilayotgan maslahatlashuvlar bizga koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda qo‘l kelmoqda. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Germaniya, Fransiya, Isroil va Turkiya mutaxassislari bilan ham doimiy aloqa o‘rnatilib, videokonferensiya ko‘rinishida epidemiologik vaziyat va bemorlarni davolash bo‘yicha maslahatlar va tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan”, deydi Shodmonov. 
 

Vazir, shuningdek, bugungi kunda O‘zbekisonda koronavirus infeksiyasiga chalingan 1349 nafar bemor qayd etilganini, ulardan 129 sog‘ayganini ta’kidlagan. Bemorlar JSST bilan birgalikda ishlab chiqilgan protokol standartlari asosida davolanmoqda. Bundan tashqari, hamkorlikda ular uchun uchta tilda COVID-19 uchun klinik qo‘llanma ishlab chiqildi va bugungi kunda nafaqat tibbiyot xodimlari, balki ko‘plab davlat idoralari vakillari ham ushbu qo‘llanmadan epidemiyaga qarshi tadbirlarni o‘tkazish jarayonida foydalanmoqda. Tibbiyot xodimlari davolash masalalari bo‘yicha, asosan, JSST standartlari va tavsiyalariga tayanmoqda. 
 

“Videokonferetsiyada har bir mamlakat o‘z holatini, virusning tarqalishini, ko‘rilayotgan choralarni va ijtimoiy maqbullikni baholab, eng mosini ko‘rishi, shu bilan birga, har bir insonni kasallikdan himoyalash, xastalikni vaqtida aniqlash hamda davolash uchun harakat qilishi kerak. 
 

Mahalliy aholi orasida koronavirus haqida to‘laqonli tushuncha shakllanishi uchun har bir mintaqa va mamlakatning tavsiyalari, tajriba va yangilanishlar almashinuvi uchun birgalikda faoliyat yuritish juda muhim. Dunyoda turli xil sharoitlarda koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha keng qamrovli choralar rejasani ishlab chiqishni davlatlar bir-birlaridan o‘rganishlari lozim. 
 

Tadbir yakunida JSST xalqaro tadqiqotchilar bilan COVID-19 ni davolashda eng samarali bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha ish olib borilishi qayd etildi”, deya ma’lum qilinmoqda xabarda.  
 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston ham 53 mamlakat qatoriga mazkur nufuzli tashkilotga a’zo hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Shodmonov O'zbekiston COVID-19

Baholaganlar

84

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing