“Evakuatsiya rejasi ishlab chiqilmoqda”. O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi fuqarolarga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati ishlab chiqilmoqda. Bu elchixona Matbuot xizmati xabar berdi.

“Ukrainadagi vaziyat keskinlashgani va favqulodda holat joriy etilganini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Hozirda O‘zbekiston Respublikasining Kiyevdagi elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati ishlab chiqilmoqda. Ukraina havo hududining yopilishini inobatga olgan holda jo‘nab ketish yo‘nalishlari va jo‘nab ketish joyi ishlab chiqilmoqda.

Maqbul evakuatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha masalalar uchinchi davlatlarning manfaatdor xizmatlari bilan kelishilgan sari, O‘zbekiston fuqarolari Elchixonaning www.uzbekistan.org.ua sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida qo‘shimcha ravishda xabardor qilinadi.

Ukrainadan chiqib ketishni xohlovchi O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari pasport ma’lumotlarini Elchixonaning [email protected] elektron manziliga yuborishlari so‘raladi.

Ukrainada bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan tinchlik saqlashlarini va qo‘shimcha savollar tug‘ilganda Elchixona bilan aloqada bo‘lishlarini so‘raymiz”, deyiladi murojaatda.

Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Ukraina Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Kiyev Xarkov shaharlariga raketa zarbalari berilganini ma’lum qildi.

Harbiy harakatlar boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Ukraina havo hududi butunlay, Rossiya havo hududi esa qisman (faqat Rostov viloyatida) yopildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

282

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing