Sabr! – Ortiqxo‘jayev ijara beruvchilarga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat

image

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ayni koronavirus bilan bog‘liq xavf ortib borayotgan davrda toshkentlik ko‘chmas mulk egalariga murojaat bilan chiqib, ularni insofga chaqirdi. U bu kunlar barcha uchun sinov ekanini urg‘uladi. 

“Bugungi kun barchamiz uchun sinov. Ana shunday sinovli kunlarda barchamiz bir-birimizni har qachongidanda ko‘proq qo‘llab-quvvatlab, yordamimizga muhtoj kishilarga qo‘l cho‘zishimiz, og‘irini yengil qilib, ko‘mak berishimiz kerak. 

Kuch birlikda! Bugun bir bo‘lib, jipslashib,  dunyo gardaniga tushgan dardni yengishimiz shart. 

Shahrimizda ijarada yashayotgan fuqarolarimiz bor. Ular orasida olis manzildan kelib yashayotganlar ham bor. Ular bugun karantin qoidalariga rioya qilgan holda,  o‘z oilalari bag‘ridan uzoqda, ijara uylarda yashashmoqda. Ular orasida karantin sababli, vaqtincha ishlamayotganlari ham bor. Bunday sharoitda albatta, ularga oson tutib bo‘lmaydi. Bir tomondan ijara pulini to‘lash, bir tomondan oilalarini ehtiyot qilish, ro‘zg‘or tebratish mas’uliyati yelkalarida turibdi. 

Shu bois, men ijara beruvchilarga shunday sinovli kunlarda sabrli bo‘lib,  ularning holatini to‘g‘ri baholashlarini,  ijara pulini vaqtincha talab qilmay turishlarini so‘ragan bo‘lardim. Vaqtinchalik to‘lanmagan ijara haqqi esa keyinchalik to‘lab berish sharti bilan ijarada turuvchi fuqarolarga taqdim etilsa, fikrimcha, adolatli bo‘ladi. Sinovli kunlarda o‘zaro ishonch, hamjihatlik ham juda muhim.

Shuni bilingki,  bu kunlar unutiladi, ammo yaxshilik unutilmaydi!”, deydi Ortiqxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining 21 martdagi qaroriga binoan 22 martdan e’tiboran Toshkent shahrida jamoat transportlari faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, Toshkent shahar hokimligi ishni masofaviy tarzda tashkil etish yoki ishchilarni ta’tilga chiqarish taklifi bilan chiqdi

24 martdan esa mamlakatda kuchaytirilgan tartib joriy etildi. Respublika maxsus komissiyasining 28 martdagi qaroriga binoan 30 martdan 20 aprelgacha maxsus ruxsatnoma (stiker)siz avtomobil boshqarishga cheklovlar o‘rnatildi. Ushbu cheklovlar takomillashtirilib, 6 apreldan boshlab skuter va velosipedlarga ham joriy qilindi


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev

Baholaganlar

194

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made