Koronavirusga qarshi choralar tashqi savdo yuklarini cheklaydimi?

Jamiyat

image

Kecha, 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda, joriy yilning 16 mart kunidan boshlab davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida shaxslar va yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari harakatini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Davlat bojxona qo‘mitasining ma’lum qilishicha, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ayrim fuqarolar tomonidan eksport-import tartibida transport vositalarida tashilayotgan yuklar ham chegaradan o‘tkazilmas ekan-da, degan ortiqcha xavotirlar bildirilmoqda.

“Shuni alohida ta’kidlash joizki, mazkur cheklovlar yuk avtomobillari, avia, temir yo‘l, daryo transportlarida yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, ularning transport vositalari va tashilayotgan tashqi savdo yuklariga taaluqli emas”, deyiladi DBQning ma’lumotida.

Chegara o‘tkazish hududlarida mazkur tashuvlarni amalga oshirayotgan shaxslar va ularning transport vositalari tegishli tartibda tekshiruvlardan o‘tkazilib, respublika orqali harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Qayd etilishicha, mazkur masalalarga oid har qanday murojaatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining tunu-kun faoliyat ko‘rsatuvchi 11-08 raqamli ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tovarlarning tashqi savdo hajmi 4,6 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi. 

Shuningdek, O‘zbekistonga jami 36 096 ta avtotransport vositalarida 671,5 ming tonna tovarlar tashuvi amalga oshirilgan. Temir yo‘l orqali esa 1 164 ta vagonlarda 79,6 ming tonna tovarlar olib kelingan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 mart kuni soat 06:00 da O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan fuqaro joriy yilning 11 mart kuni Fransiyaning Parij shahridan qaytgan. Virus bilan og‘rigan o‘zbekistonlik ayol oliy toifali shifokor bo‘lgan. Undan so‘ng yana uch kishida koronavirus aniqlandi.

Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 156 740 kishi koronavirusga chalingan, ularning 5839 nafari vafot etgan, 75 935 nafari kasallikdan forig‘ bo‘lgan.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.


Maqola muallifi

Teglar

bojxona koronavirus

Baholaganlar

83

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing