Szinpin va Makron Isroilning Rafahga hujum qilishiga qarshi chiqdi

Olam

image

Xitoy va Fransiya Isroilning Rafahga quruqlikdan hujum qilganiga qarshi chiqdi va bu G‘azo sektori blokadasida yanada kengroq gumanitar falokatga olib kelishidan ogohlantirdi. Bu haqda Xitoy rahbari Si Szinpin va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Yaqin Sharqdagi vaziyatga doir qo‘shma bayonotida aytiladi.

Liderlar G‘azo sektorida tinch aholi himoyasini xalqaro gumanitar qonunlarga muvofiq ta’minlash zarurligini ta’kidlab, bunday operatsiya falastinliklarning majburiy ko‘chirilishiga va mintaqada kengroq gumanitar falokatga olib kelishiga e’tibor qaratdi.

“Xitoy va Fransiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari sifatida xalqaro huquqqa muvofiq xalqaro xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlarga konstruktiv yechim topish uchun birgalikda ishlamoqda, Xitoy va Fransiya xalqaro gumanitar huquqning barcha buzilishini, terroristik zo‘ravonlik harakatlari va tinch aholiga hujumlarni qoralaydi”, deyiladi hujjatda.

Bundan tashqari, Xitoy va Fransiya yetakchilari G‘azoga katta hajmdagi gumanitar yordam yetkazish va mintaqadagi tinch aholini himoya qilish uchun zudlik bilan va barqaror o‘t ochishni to‘xtatish muhimligini ta’kidladi. Liderlar barcha mahbuslarni hech qanday shartlarsiz zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.

“BMTning 2712, 2720 va 2728-sonli rezolyutsiyalarini amalga oshirish barcha tomonlar uchun tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning yagona yo‘lidir”, deyiladi qo‘shma bayonotda.

Liderlar G‘azo sektorining barcha qismlariga tez, xavfsiz, to‘siqsiz va barqaror insonparvarlik yordami yetkazilishini ta’minlash uchun chegara o‘tish joylari va koridorlar ochiq qolishi kerakligini ta’kidladilar hamda xalqaro gumanitar sa’y-harakatlarni yanada ko‘proq muvofiqlashtirishga chaqirdi.

Yetakchilar barcha tomonlarning maydonda taranglikni kuchaytiradigan bir tomonlama choralardan qochishlari kerakligini ta’kidlab, Isroilning bosib olingan hududlardagi turar-joy siyosatini qoraladi.

“Noqonuniy aholi punktlari xalqaro huquqni buzadi va mustahkam tinchlik va Falastin davlatini barpo etish imkoniyatiga to‘siq bo‘ladi”, deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, Xitoy va Fransiya rahbarlari Isroil va Falastinning tinch va xavfsizlikda yonma-yon yashashi hamda mustaqil va suveren davlatni barpo etishni aniq amalga oshirish uchun hal qiluvchi va qaytarib bo‘lmaydigan siyosiy jarayonni qayta boshlashga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniya Falastin harakati Qatar va Misrning G‘azo sektorida nisbiy o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini qabul qilish qarorini e’lon qilgan edi. Buning ortidan Isroil harbiy Vazirlar Mahkamasi Rafahga hujumlarni davom ettirishga qaror qildi va Isroil armiyasi blokadadagi G‘azo sektorining janubidagi Rafah shahriga quruqlikdan hujum boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Xitoy Emmanuel' Makron Si Tszin'pin Isroil Rafah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made