Hindistonning oy roveri hayratlanarli ma’lumotlarni jo‘natdi
Texnologiya
−
28 avgust 2023
15958Hindistonning “Chandrayaan-3” oy roveri Oyning janubiy qutbi haqidagi birinchi ilmiy ma’lumotlarni Yerga jo‘natdi. Bu haqda Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti (HKTT) xabar berdi.
“Tajriba Oy yuzasining termal harakatini tushunish uchun qutb atrofidagi oy yuqori qatlamining harorat rejimini o‘lchaydi. Rover 10 santimetr chuqurlikdagi oy tuprog‘ining haroratini o‘lchashga qodir harorat zondi bilan jihozlangan”, deb yozilgan tashkilotning X`dagi rasmiy sahifasida.
HKTT rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, tuproqdan olingan ma’lumotlar olimlarni hayratda qoldirgan.
“Biz oy tuprog‘ining yuzasidagi harorat 20 dan 30 darajagacha bo‘lishi mumkin, deb o‘ylagandik. Lekin u 70 daraja Selsiyni ko‘rsatdi. Bu biz kutganimizdan hayratlanarli darajada yuqori”, dedi u.
Ma’lumot uchun, ushbu oy roveri kamida bir Oy kuni (14 Yer kuni) ishlaydi. Hindistonlik olimlarning fikriga ko‘ra, Oyning janubiy qutbi hududida tog‘ jinslari topilgan bo‘lib, ular Oyning paydo bo‘lishi haqida ko‘p narsalarni aytib berishi mumkin. Bundan tashqari, olingan ma’lumotlar ba’zi kraterlarda muzlagan suv mavjudligini ko‘rsatdi. Agar muz chindan topilsa, olimlar Quyosh tizimidagi suv tarixini tahlil qilish va tushunish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘ladilar.
Eslatib o‘tamiz, 14 iyul kuni Hindiston kosmik agentligi Oyga “Chandrayaan-3” raketasini uchirdi. Bu orqali mamlakat SSSR, AQSH va Xitoydan keyin Oyga kosmik kemani muvaffaqiyatli qo‘ndirgan dunyoda to‘rtinchi davlat bo‘ldi. U shuningdek, tabiiy yo‘ldoshning janubiy qutbida qo‘nishni amalga oshirgan birinchi davlatdir.
LiveBarchasi