Zo‘rlikdan jabr ko‘rgan ayollarni reabilitatsiya qilish markazlari ochildi

Jamiyat 1944
image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan.

Unga ko‘ra

  • Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazi tugatildi;
  • Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi va uning hududiy bo‘limlari tashkil etildi.

Respublika markazi va hududiy markazlar davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanib, unga mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri tavsiyasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan direktor rahbarlik qiladi.

Shuningdek, qaror bilan ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha respublika, hududiy va tumanlararo 29 ta namunali markazlar tashkil etildi. 

Markazlarning asosiy vazifalaridan biri tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish hisoblanadi. 

Markazlarga quyidagilar joylashtiriladi:

  • zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari;
  • o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar.

2021 yil 1 iyundan:

  • himoya orderi nusxasini olgan, ya’ni tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar profilaktik hisobga olinadi;
  • markazlarga murojaat qilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarining yo‘qotilgan biometrik pasportlarini (identifikatsiya ID-kartalarini) tiklab berish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish uchun mo‘ljallangan, 24 soat uzluksiz ishlaydigan “ishonch telefoni” (Respublika doirasida yagona qisqa raqam) yo‘lga qo‘yiladi.

Umidjon Nozimjonov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 26
Reyting: 2.8
t
×