Zo‘ravonlik va ta’qib: dunyoda qochqinlar soni 84 milliondan oshdi
Olam
−
13 noyabr 2021
2330Dunyo bo‘ylab ichki ko‘chirilgan va boshqa mamlakatdan boshpana so‘ragan qochqinlar soni 84 milliondan oshdi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining yangi hisobotida aytilgan.
Qayd etilishicha, odamlar mojarolar, zo‘ravonliklar, iqlim o‘zgarishi va ta’qiblar tufayli uylarini tashlab ketmoqda.
“Xalqaro hamjamiyat odamlar uylarini tashlab ketishga majburlayotgan zo‘ravonlik, ta’qiblar va inson huquqlari buzilishining oldini ololmayapti”, degan BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aholining ko‘chishi bilan bog‘liq vaziyat iqlim o‘zgarishi oqibatlari tufayli yanada og‘irlashyapti.
Ichki ko‘chirilganlar
BMTning hisobotiga ko‘ra, 2021 yil iyun oyi oxiriga kelib, dunyo bo‘ylab mamlakat ichi bo‘ylab ko‘chirilganlar soni 51 million kishini tashkil etgan. Shuningdek, 4,4 million kishi boshpana izlovchi sifatida ro‘yxatga olingan.
Hisobotga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida ichki ko‘chirilganlar soni 48,6 milliondan 50,9 millionga ko‘paygan. Bu o‘sish, birinchi navbatda, mojarolar va zo‘ravonliklar tufayli sodir bo‘lgan.
Hisobot mualliflari yilning birinchi yarmida ichki ko‘chirilganlar soni ortgan mamlakatlar qatorida Afg‘oniston, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Mozambik, Myanma va Janubiy Sudanni keltirgan.
Qochqinlar
Qochqinlarga kelsak, 2021 yilning iyun oyi oxirida ularning soni 20,8 million kishini tashkil etgan. Bu o‘tgan yil oxiriga nisbatan 172 ming kishiga ko‘pdir. Joriy yilda qochqinlar sonining ko‘payishiga birinchi navbatda beshta davlat – Markaziy Afrika Respublikasi, Janubiy Sudan, Suriya, Afg‘oniston va Nigeriyani tark etgan rezidentlar sabab bo‘lgan.
Hisobotda aytilishicha, eng ko‘p qochqinlar (6,6 million kishi) Suriya fuqarolari hisoblanadi. Suriyaliklardan keyin qochqinlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni venesuelaliklar egallab turibdi. (3,7 million kishi), uchinchi o‘rinda Afg‘oniston turibdi ( 2,7 million kishi).
Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, bugungi kunda qochqinlarning aksariyati past yoki o‘rta daromadli mamlakatlarda yashaydi.
Turkiya eng ko‘p qochqinlarni qabul qilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uning hududida 3,7 million qochqin bor. Undan keyin Kolumbiya, Uganda, Pokiston va Germaniya turadi.
LiveBarchasi