Zuho namozi qay tartibda o‘qiladi?
Bu qiziq
−
23 may 2020
162461Avvalroq, O‘zbekiston musulmonlari idorasi pandemiya sharoitida Hayit namozining o‘rniga nafl namozini o‘qishni tavsiya qilingan edi. Xo‘sh, u qanday o‘qiladi?
Nomlanishi: Zuho namozi manbalarda turli nomlar bilan zikr qilingan bo‘lib, ko‘proq “Ishroq namozi”, “Shuruq namozi”, “Avvobiyn namozi” va “Choshgoh namozi” deb yurtiladi.
Hukmi: Zuho namozini ado etish nafl amal sanaladi. Nafl deb, kishini o‘z ixtiyori bilan farzga qo‘shimcha tarzda bajaradigan amaliga aytiladi. Ya’ni, Zuho namozi – bir kunda besh mahal ado etilishi majburiy bo‘lgan farz namozlarini to‘ldiruvchi, ixtiyoriy suratda ado etilsa, ulkan savob bo‘ladigan namoz hisoblanadi.
Vaqti:
- Bu namozning vaqti quyosh bir nayza bo‘yi ko‘tarilganda, ya’ni quyosh chiqqandan taxminan 20 daqiqa keyin boshlanadi.
- Oxirgi vaqti esa kun tikkaga kelgan vaqtdan bir soat avvalgi vaqtgacha hisoblanadi. Ushbu ikki vaqt oralig‘ida Zuho namozini ado etish mumkin.
Rakatlari soni: Zuho namozi ikki rakatdan sakkiz rakatgacha o‘qish mumkin. Eng afzali to‘rt rakatdan o‘qishdir. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ko‘proq to‘rt rakatdan o‘qiganlari Oisha raziyallohu anhodan naql qilingan. Zuho namozida ma’lum suralarni o‘qish shart qilinmagan. Ushbu namoz ovoz chiqarmasdan maxfiy, yolg‘iz holatda o‘qiladi
Fazilati: Zuho namozining fazilatiga doir ko‘plab hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Jumladan, Muoz ibn Anas al-Juhaniy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod namozini o‘qib bo‘lganidan keyin namoz o‘qigan joyida to zuho namozini o‘qiguncha o‘tirsa, faqat yaxshilikdan boshqani gapirmagan bo‘lsa, uning xatolari, agar dengiz ko‘pigidan ko‘p bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deganlar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim zuho namozini bardavom o‘qisa, uning gunohlari dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Sizlarning har bir a’zoingizga sadaqa vojibdir. Har bir tasbihingiz – sadaqa, har bir hamd aytishingiz – sadaqa, har bir tahlilingiz (“La ilaha illalloh”, deyishingiz) – sadaqa, har bir takbiringiz – sadaqa, yaxshilikka buyurishingiz – sadaqa, yomonlikdan qaytarishingiz – sadaqa. Endi bularning hammasi uchun ikki rakat zuho namozini o‘qishingiz kifoyadir”, - dedilar (Imom Muslim rivoyatlari)
Zuho namozini o‘qish tartibi:
Namozga kirishish:
- Namozni boshlashdan avval quyidagicha niyat qilinadi: “To‘rt rakat zuho namozini xolis Alloh uchun o‘qishni niyat qildim”.
- Keyin ikki qo‘lni quloqning yumshoq joyiga olib borib, “Allohu akbar” deb namozga kiriladi.
- Keyin qo‘llar tushirilib, kindik ostida bog‘lanadi.
Birinchi rakat:
- Qo‘llar bog‘langandan keyin quyidagi “Sano” duosini o‘qiydi: “Subhaanakallohumma vabihamdika vatabaaro kasmuka vata’aalaa jadduka valaa ilaaha g‘oyruk”.
- So‘ng “A’uzu” va “Bismillah”ni aytib, “Fotiha” surasini o‘qiydi.
- Keyin “omiyn” deydi.
- So‘ngra o‘zi yaxshi bilgan bir surani zam sura sifatida o‘qiydi.
- Keyin “Allohu akbar” deb, ruku qiladi.
- Rukuda uch marta “Subhaana robbiyal ’azim”, deyiladi.
- So‘ngra “Sami’allohu liman hamidah”, deb boshini rukudan ko‘tarib, yana tik turiladi.
- Keyin “Robbanaa lakal hamd”, deb biroz tik turadi
- Keyin “Allohu akbar” deb sajdaga boradi. Sajdada uch marta “Subhana robbiyal a’laa”, deydi.
- Sajdadan “Allohu akbar” deb qaytib, xotirjam holatda, qo‘llarini sonini ustiga qo‘yib o‘tiradi
- Keyin yana “Allohu akbar” deb yana bir marta sajda qiladi. Unda ham uch marta “Subhana robbiyal a’laa”ni aytadi.
Keyin “Allohu akbar” deb ikkinchi rakatga turadi.
Ikkinchi rakat:
- Ikkinchi rakat ham birinchisi kabi bo‘ladi. Faqatgina ikkinchi rakatda “Sano” o‘qilmaydi, “A’uzu” aytilmaydi.
- Namozxon ikkinchi rakatda ikki marta sajda qilib bo‘lgandan keyin o‘tiradi va “Attahiyyat” duosini o‘qiydi.
- Keyin “Allohu akbar” deb uchinchi rakatga turadi.
Uchinchi rakat:
- Uchinchi rakatda ikkinchi rakatda nima qilgan bo‘lsa shuni bajaradi.
- Uchinchi rakatning ikki marta sajdasidan keyin o‘tirmasdan to‘rtinchi rakatga turadi.
To‘rtinchi rakat:
- To‘rtinchi rakatda uchinchi rakatda nima qilgan bo‘lsa, shuni qiladi.
- To‘rtinchi rakatning ikki sajdasini bajargandan keyin o‘tiradi va “Attahiyyat” duosini o‘qiydi.
- Keyin “Allohumma soli ’alo...” va “Allohumma borik ’alo...” salavotlarini o‘qiydi.
- Mazkur ikki salavotdan keyin “Allohumma mag‘firli...” yoki “Robbanaa aatinaa fid dunya...” duolaridan birini o‘qiydi.
- Keyin avval o‘ng yelkasiga qarab, “Assalamu alaykum va rohmatulloh” deb salom beradi.
- Keyin chap yelkasiga qarab “Assalamu alaykum va rohmatulloh”, deb salom beradi.
Shu bilan to‘rt rakatli zuho namozi ado etilgan hisoblanadi.
2020 yil Ramazon hayiti kunidagi zuho namozini o‘qish vaqti
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari tomonidan Islom dini manbalari va astronomik ma’lumotlarga tayangan holda Ramazon hayitining birinchi kuni 2020 yil 24 may, yakshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida xulosa qilindi.
Shunga ko‘ra, 2020 yil 24 may yakshanba kuni Zuho namozi Toshkent vaqti bilan 05:20 da, boshqa joylarda namoz vaqtidagi tafovutni inobatga olib o‘qiladi.
Alloh taolo Ramazon hayiti kunidagi Zuho namozimizni barchamizdan qabul aylab, bu kunning sharofati bilan yurtimizni fayzu barakotga to‘ldirsin!
Hududlarda Zuho namozini o‘qish vaqtlari bilan quyida tanishishingiz mumkin.