Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva ishtirokida “Zamin Education” ta’lim platformasi ochildi
Jamiyat
−
14 aprel 2021
12519“Zamin” fondi rahbari Ziroat Mirziyoyeva boshchiligida “Zamin Education” ta’lim platformasi va sinflari ochildi. Bu haqda Mass-media fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 14 aprel kuni “Zamin Education” ta’lim platformasi va sinflari Respublika viloyatlarida ishga tushirilgan. Tadbirda Toshkent shahridagi 101, 102 va 106-ixtisoslashtirilgan internat-maktab o‘quvchilari va informatika fani o‘qituvchilari ishtirok etgan. Viloyatlarda joylashgan maktab o‘quvchilari onlayn-videoanjuman aloqasi orqali tadbirda qatnashgan.
Ma’lum qilinishicha, “Zamin Education” loyihasining sinov bosqichi ijobiy natija berganidan so‘ng, uni butun Respublika bo‘ylab yo‘lga qo‘yish qarori qabul qilingan. O‘zbekistondagi eshitish qobiliyati zaif bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 18 ta maktabda informatika sinflari zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Loyiha doirasida axborot texnologiyalari va robototexnika fanlarini o‘rgatish metodologiyasi joriy etilgan. Zamineducation.uz onlayn ta’lim platformasi ishga tushirilgan.
Ma’lumot uchun, 2020 yil Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi “Zamin” fondi o‘z faoliyatini 5 ming ayolga moddiy yordam berishdan boshlagandi.
Karantin sababli qiyin ahvolga tushib qolgan o‘zbekistonliklarga yordam berish tashabbusi Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi vasiylik kengashi tomonidan ilgari surilgan.
“Zamin” fondi faoliyati uzoq muddatli, strategik ahamiyatga ega va barqaror loyihalarga qaratilgan. Jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya badallari, shuningdek xalqaro tashkilotlarning grantlari Fond mablag‘ini shakllantirishning asosiy manbalari hisoblanadi. Fond atrof-muhitni muhofaza qilish, eshitish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan bolalar ta’limini rivojlantirish, shuningdek, ijtimoiy sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
LiveBarchasi