Zilzilalarni uyushtirish mumkinmi? Mutaxassis javob berdi
Jamiyat
−
11 fevral 2023
68958Zilzila – yer po‘stining yuqori qismida to‘satdan siljish, sinish yoki o‘pirilish ro‘y berishi oqibatida vujudga keladigan va to‘lqinsimon tebranishlar tarzida tarqaladigan yer osti silkinishlari hisoblanadi. Zilzila sabablariga ko‘ra, tektonik, vulqoniy va o‘pirilish kabi turlarga bo‘linadi. Shuningdek, hodisaning inson omili aralashuvi oqibatida ham hosil bo‘ladigan turlari mavjud, ya’ni ayrim yer silkinishlarini uyushtirish mumkin. Xo‘sh, insoniyatga nima uchun sun’iy ravishda hosil qilinadigan zilzilalar kerak? Va bu qanday amalga oshiriladi? Necha ballgacha bo‘lgan zilzilalarni sun’iy hosil qilish mumkin? QALAMPIR.UZ ushbu savollarga soha mutaxassislaridan javob oldi.
FVV Seysmoprognostik monitoring respublika markazi mutaxassisining ta’kidlashicha, sun’iy zilzilalar odatda foydali qazilmalarni olish vaqtida amalga oshiriladi.
“Zilzilalar o‘zi ikki turga bo‘linadi. Bular tabiiy va texnogen zilzilalardir. Tabiiy zilzilalar sabablariga ko‘ra, tektonik, vulqoniy va o‘pirilish zilzilalariga bo‘linadi. Texnogen zilzilalar esa konlarda, neft-gaz olishda inson omili bilan sodir etiladi. Aytish mumkinki, yer ostidan neftni olib bo‘lgandan keyin, qazilma olingan bo‘shliqni to‘ldirish uchun sun’iy zilziladan foydalaniladi. Bu holdagi zilzilalarning markazi uzog‘i bilan 5 kilometrgacha yetishi mumkin. Ba’zi hollarda noto‘g‘ri qazishma ishlari jarayonidagi portlash natijasida ham yer silkinishi kuzatiladi, ammo u asosan yer yuzasida sodir bo‘ladi.
Turkiyada sodir bo‘layotgan zilzila tabiiy hisoblanadi, chunki bu qadar keng hamda katta hududda sun’iy yer qimirlashlarini hosil qilishning imkoni yo‘q. Aslini olganda ataylab zilzilalarni harakatga keltirib bo‘lmaydi”, deydi FVV Seysmoprognostik monitoring respublika markazi mutaxassisi.
Shuningdek, Toshkent Arxitektura-qurilish universiteti Guruntlar mexanikasi va qurilishda zilzilabardoshlik kafedrasi o‘qituvchisi, professor Saidiy Saidislom zilzilalar, ularning turlari, O‘zbekistondagi binolar necha balli zilzilaga dosh bera olishi xususida ma’lumot berdi.
“Zilzilaning kelib chiqish sabablari va tabiati haqida to‘laroq tasavvur hosil qilish uchun Yer zaminida sodir bo‘ladigan geologik jarayonlarni bilish zarur. Yer yuzasida olib borilgan ilmiy kuzatishlar yer qatlamining doimiy, ammo juda sekin harakatda ekanligini ko‘rsatdi: qobiqning ba’zi joylari ko‘tariladi, ba’zi yerlari pasayadi, ayrim joylari esa gorizontal yo‘nalishda siljiydi. Yer qobig‘ining bunday harakati tektonik harakat deb ataladi.
Sun’iy zilzilalar kuchli portlashlardan (atom va vodorod bombalari orqali) hosil bo‘ladi. Inson omili sababli sodir bo‘ladigan zilzilalarga kuchli portlashlar oqibatida ro‘y beradigan zilzilalarni keltirish mumkin. Sun’iy zilzilalar faqat kuchli portlashlar oqibatida sodir bo‘ladi. Turkiyadagi zilzilalar esa uning turli hududlarida va turli kuch bilan ro‘y bergan. Ushbu zilzilalar sun’iy ravishda sodir bo‘lishi mumkin emas”, deydi professor Saidiy Saidislom.
Binoni qurishdan avval ob’ekt maydonining seysmikligiga mos ravishda bino zilzila ta’siriga qarshi hisoblab chiqiladi, so‘ngra tegishli konstruktiv chora tadbirlar qo‘llaniladi. Natijada binoning qurilish maydonchasining seysmikligiga mos ravishda uning loyihasi ishlab chiqiladi va ekspertizadan o‘tkazilada. So‘ngra bino ushbu loyiha bo‘yicha quriladi. Binoning qurilishida loyihaning barcha talablariga rioya qilingan bo‘lsa bino zilzilabardosh hisoblanadi, ya’ni bino maydonchasining seysmikligiga mos bo‘lgan zilzilaga bardosh beradi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi binolar 7 dan 9 magnitudagacha chidamli tarzda quriladi.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi