Jurnalistga tahdidning narxi 540 ming so‘mmi? OAVga bosim bo‘yicha qonun imi-jimida qabul qilinmasligi kerak
Tahlil
−
12 noyabr 2021
8843O‘zbekistonda jurnalistlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish va unga bosim o‘tkazganlik uchun javobgarlik belgilanishi, bu borada qonunga kiritilayotgan o‘zgartirish joriy yil yakunigacha qabul qilinishi kutilayotgani haqida xabar bergan edik.
Joriy yilning 10 noyabr kuni Milliy matbuot markazida o‘tgan anjumanda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov uyushma tomonidan mazkur qonun loyihasi ishlab chiqilib, Hukumatga yuborilgani haqida aytgan edi. Biroq, QALAMPIR.UZ’ga ma’lum bo‘lishicha, qonun loyihasini ishlab chiqish va uni Hukumatga taqdim etishda Jurnalistlar ijodiy uyushmasining umuman ishtiroki bo‘lmagan. Qonun loyihasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tarafidan ishlab chiqilgan.
QALAMPIR.UZ’ga shaxsiy manbalarimiz orqali “Ommaviy axborot vositalari va jurnalistning kasbiy faoliyati himoya qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi yetib keldi.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995 yil, №3, 6-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995 yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; .... № __, __-modda) quyidagi qo‘shimchalar kiritilishi kutilmoqda.
1977-modda. Ommaviy axborot vositalari xodimlari va jurnalistning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki to‘sqinlik qilish
Ommaviy axborot vositalari xodimlari va jurnalistning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki to‘sqinlik qilish, shu jumladan davlat organlari va davlat muassasalari, davlat ishtirokidagi tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari tomonidan senzura qilganlik, so‘roviga davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni istisno etgan holda axborotni (materiallarni) qonunda belgilangan muddat va tartibda taqdim etmaslik yoxud bila turib yolg‘on axborot (materiallar) taqdim etganlik, – bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha (!) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ommaviy axborot vositalari xodimi yoki jurnalistga tazyiq o‘tkazganlik va (yoki) jurnalistni ta’qib qilganlik, ya’ni uning materiallari va zarur texnika vositalarini g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish, shikast yetkazish, nobud qilish, jurnalistni jismoniy yoki ruhiy majburlash yoxud shunday majburlashni qo‘llash bilan qo‘rqitish, – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etish, — mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ikki baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, Ommaviy axborot vositalari xodimlari va jurnalistning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq holat aniqlangudek bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va uning hududiy boshqarmalari mansabdor shaxslari ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzadi. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma ko‘rib chiqish uchun ushbu Kodeksning 282-moddasida belgilangan tartibda sudga yuboriladi.
Yuqoridagi qonun loyihasi kulgili emasmi? Necha yillardan buyon mansabdorlarning ommaviy axborot vositalari xodimlariga nisbatan bosim va tazyiqlari ortib borayotgani, ular birgina uzr bilan qutilib ketayotgani va xurmacha qiliqlarini davom ettirib kelayotgani haqida bong urilyapti. Qonunni ishlab chiqqan amaldorlar issiq idorasida choy xo‘plab o‘tirgan bir vaqtda jurnalist tazyiqqa uchrayapti, qo‘lidan kamerasi tortib olinyapti, ko‘chaning o‘rtasida tutib, huquq-tartibot idorasiga noqonuniy ravishda olib ketilyapti. Bularning badalini to‘lash shuncha arzonmi? Hozir O‘zbekistonda bazaviy hisoblash miqdorining 270 ming so‘mligini inobatga olsak, qonun qabul qilingach ham jurnalistning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar bor-yo‘g‘i 540 ming so‘m, boring ana, 4 million so‘m bilan qutilib qolaveradi. Siz qurayotgan demokratik jamiyatda jurnalistning, adolatning narxi shumi?
Qolaversa, nega jurnalistlarga nisbatan tazyiq va bosimli holatlarni aniqlash va bayonnoma tuzishni yana AOKAga ishonib topshirish kerak? AOKA jurnalist himoyasida o‘rnak tashkilotmi? Kun kelib uning o‘zi OAV xodimlari huquqlarini buzmaydimi va buning monitoringini yuritishda xolis va adolatli bo‘la oladimi? Qolaversa, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan murojaatida agentlik faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish kerakligini aytgandi. O‘shandan buyon biror o‘zgarish bo‘lmagan tashkilotga jurnalistlarni himoya qilishdek mas’uliyatli vazifani ishonib topshirsa bo‘ladimi? Aytaylik, jurnalistga AOKAning o‘zidan bosim bo‘lsa, unda bunga kim chora ko‘radi, jurnalist qaysi eshikka boshini uradi? Yana AOKAgami? Viloyatlarda-chi? Aytaylik, viloyat hokimi yoki uning o‘rinbosari jurnalistga bosim o‘tkazsa, AOKA hududiy boshqarmasi boshlig‘ining bu haqda bayonnoma tuzishga qo‘li borarmikin?!
Savol tug‘iladi: agar AOKAning o‘zi jurnalistlarni himoya qilish borasida hali o‘rnak bo‘la olmaydi, desak, unda jurnalistlarga nisbatan bosim va tazyiqlarni aniqlab, bu bo‘yicha bayonnoma tushi va sudga taqdim etish vakolatini kimga berish kerak? Albatta Senatga! Jurnalistning faoliyatiga to‘sqinlik qilinishi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va ro‘yxatga olish, bayonnoma tuzishni shundoq ham ishi boshidan oshib yotgan AOKAga emas, Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasiga topshirish kerak. Qo‘mita jurnalistlarga bosim bilan bog‘liq har bir voqealikni favqulodda holat sifatida qabul qilib, muhokama qilish va mansabdorlarga chora ko‘rish imkoniga ega.
Qonun imi-jimida qabul qilinmasligiga umid qilamiz.
LiveBarchasi